Erdo‘g‘an Turkiya Finlyandiyaning NATOga a’zolik arizasini ma’qullashi mumkinligiga ishora qildi
Olam
−
15 mart 2023
3717Bugun, 15 mart kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Anqara Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lish istagini tez orada ma’qullashi mumkinligiga ishora qildi. U bu haqda parlamentdagi chiqishidan so‘ng jurnalistlarga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
Erdo‘g‘an “Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lish istagi haqidagi qonun loyihasi bir hafta ichida parlament muhokamasiga keladimi va u tasdiqlanadimi?” degan savolga quyidagicha javob bergan:
“Juma kuni (17 mart) Finlyandiya Prezidenti keladi, biz u bilan uchrashamiz va va’da qilganimizni bajaramiz. Umid qilamanki, shunday bo‘ladi”.
Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo 16-17 mart kunlari Turkiyaga amaliy tashrif bilan keladi. Bu haqda Erdo‘g‘an ma’muriyati ma’lum qilgan. Mazkur tashrif Turkiya rahbarining taklifiga binoan amalga oshiriladi.
Madriddagi NATO sammiti doirasida imzolangan uch tomonlama memorandum shartlarini mamlakat bajarishi kontekstida Xelsinkining alyansga kirishiga asosiy e’tibor qaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rajab Toyib Erdo‘g‘an NATO bosh kotibi Yens Stoltenbergga Finlyandiyaning ittifoqqa kirish ehtimolini alohida ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot uchun, Finlyandiya va Shvetsiya 2022 yilning may oyida Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘lish uchun ariza bergan, biroq Turkiya kurd tashkilotlarini terrorchi deb e’lon qilishni, shuningdek, 2016 yilda terrorchilik yoki davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblangan shaxslarni ekstraditsiya qilishni talab qilib, qo‘shilish jarayonini bloklagan.
LiveBarchasi