Erdo‘g‘an: Turkiya “arman genotsidi”masalasida o‘z fikrida qoladi
Olam
−
23 aprel 2021
5769Turkiya Usmonlilar imperiyasida arman genotsidi yuz bergani haqidagi masalalarda o‘z pozitsiyasini himoya qilishda davom etadi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an devonining Anqarada bo‘lib o‘tgan Oliy maslahat kengashi yig‘ilishidan keyin chop etgan xabarida aytilgan.
"Janob Prezident Turkiya arman genotsidi to‘g‘risida yolg‘on gapirayotganlardan haqiqatni himoya qilishini aytdi", deyilgan bayonotda.
Avvalroq, AQSH Prezidenti Jo Bayden XX asr boshlarida Usmonli imperiyasida armanlarning o‘ldirilishini qirg‘in sifatida rasman tan olishga tayyorligi haqida xabar bergan edik.
Undan so‘ng, Armaniston Prezidenti Armen Sarkisyan Baydenni yangi genotsidlarning oldini olishga sodiqligini tasdiqlashga chaqirib, unga maktub yo‘llagandi.
Ma’lumki, AQSHning avvalgi Prezidenti Donald Tramp 1915 yil voqealarini arman genotsidi deb tan olishdan bosh tortgan, chunki u Turkiya bilan munosabatlar yomonlashishidan qo‘rqardi.
Ma’lumot o‘rnida, 2019 yil 12 dekabrda AQSH Kongressi Senati arman genotsidini rasman tan olish va xotirlash zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Usmonli imperiyasida armanlarni qirg‘in qilish faktini 23 ta davlat tan olgan. Turkiya an’anaviy ravishda tegishli ayblovlarni rad etib keladi.
1915 yil 24 aprel kuni arman genotsidining boshlanish sanasi hamda shu kuni Istanbuldagi arman elitasi vakillari qo‘lga olingani va o‘ldirilgani ta’kidlanadi. Keyingi oylarda esa bu qirg‘in G‘arbiy Armanistonda davom etib, 1915 yilning iyun oyida yakunlangani qayd etilgan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1915-1923 yillarda 1,5 mln arman o‘ldirilgan.
LiveBarchasi