Erdo‘g‘an turkiy davlatlarni yo‘ldan adashmay, SHKTRni qo‘llashga chaqirdi

Olam

image

Shimoliy Kipr Turk Respublikasi uzoq bo‘lmagan kelajakda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo sifatida qo‘shiladi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 21 may kuni Vengriya poytaxti Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy Davlatlar Tashkiloti davlat va hukumat rahbarlarining norasmiy sammitidagi nutqida so‘z ochdi. 

U so‘zi avvalida tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlardan o‘zlari to‘g‘ri deb bilgan yo‘ldan adashmay, qalban yaqin bo‘lgan Shimoliy Kipr turklarining ozodlik va adolat kurashini yanada ko‘proq qo‘llab-quvvatlashlarini kutayotganini bildirdi. 

“O‘tmishda Kipr, Qorabog‘, Bosniyada va bugun G‘azoda sodir bo‘lgan fojialar bizga chegaralarimizdan tashqarini ham o‘ylashimiz kerakligini eslatmoqda. Ovozimizni eshittirish uchun foydalaniladigan har qanday imkoniyat insoniyatning adolatli tartib, haqli taqsimot va qonunga asoslangan tizimga bo‘lgan ehtiyojiga javob beradi”, deydi Erdo‘g‘an. 

Shu ma’noda Turkiya rahbari, Turkiy Davlatlar Tashkiloti Oqsoqollar kengashi yig‘ilishining may oyi boshida Shimoliy Kipr Turk Respublikasida o‘tkazilganini alohida voqelik sifatida e’tirof etdi. 

“Turkiy dunyoning oilaviy fotosurati Shimoliy Kipr Turk Respublikasisiz to‘liq bo‘lmasligiga ishonamiz. Shu sababli, Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turkiy Akademiyada kuzatuvchi maqomini olishiga doir bugun sammitimizda qabul qilgan qarorimizni juda muhim qo‘shimcha qadam sifatida ko‘ryapmiz. Umid qilamanki, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tashkilotimizga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qiladigan kunni uzoq bo‘lmagan kelajakda ham ko‘ramiz”, deydi Erdo‘g‘an.

U davlat rahbarlarini Shimoliy Kipr Turk Respublikasini qo‘llash orqali o‘rtadagi hamjihatlikni yanada ko‘proq ifoda etishga chaqirdi. 

Ushbu norasmiy yig‘ilishda Turkiy Davlatlar Tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega ikki ishtirokchi – Turkmaniston va (tan olinmagan) Shimoliy Kipr Turk Respublikasidan vakillar ishtirok etmadi. 

SHKTR va Samarqand sammiti

Eslatib o‘tamiz,  joriy yilning 3-4 aprel kunlari Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit yakunlari bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta, Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso tomonidan qabul qilingan bayonotning 4-bandida aytilishicha, barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga xalqaro va mintaqaviy doiradagi har qanday forumlarda hurmat ko‘rsatish, shuningdek, bu tamoyillarga zid harakatlardan tiyilish majburiyati olingan.

“Xuddi shu ruhda, BMT Xavfsizlik Kengashining 541(1983) va 550(1984)-sonli rezolyutsiyalariga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqladik. Mintaqaviy hamkorlik tuzilmalari doirasida ishtirok etishda ushbu xalqaro tamoyillarga rioya qilinishi kerakligini ta’kidladik — bu esa YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar rivojida muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan Turkmaniston o‘zining xalqaro majburiyatlarini doimiy betaraflik maqomi tamoyillariga qat’iy muvofiq amalga oshirishini eslatdi”, deyilgan bayonotning aynan 4-bandida.

541 va 550 rezolyutsiyalar esa Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmaslik, ular bilan hamkorlik qilmaslikni anglatadi. Bundan ko‘rinadiki, Markaziy Osiyoning Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘lgan 3 davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va kuzatuvchi davlat maqomida qolayotgan Turkmaniston o‘zi bilan bir tuzilma, ya’ni Turkiy davlatlar tashkilotida bo‘lib turgan SHKTR bilan bir stol atrofida to‘plansa-da, uni rad etadi. Ya’ni, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiy Davlatlar Tashkilotining 2022 yilning noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan sammitida imzolangan deklaratsiya bilan tashkilotda kuzatuvchi maqomini olgan. 

Shimoliy Kipr Turk Respublikasining huquqiy maqomi

Kipr orolining Gretsiyaga qo‘shilishi tarafdorlari tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishi natijasida 1974 yilda Turkiya qurolli bosqinidan beri etnik jihatdan ikkiga bo‘lingan. Harbiy harakatlar natijasida Kipr hududining taxminan 37 foizi Turkiya nazorati ostida bo‘lib, Shimoliy Kipr – 1983 yilda tashkil topgan va jahon hamjamiyatida faqat Anqara tomonidan tan olingan. Turkiya Shimoliy Kiprda 40 ming kishilik harbiy kontingentni saqlab turibdi. Orolning janubiy qismi asosan Kipr yunonlari yashaydigan Kipr Respublikasi nazorati ostida qolgan. 

Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiyaning iqtisodiy, siyosiy va harbiy yordamiga juda bog‘liq. Kipr Respublikasi va BMT uni bosqinchi kuch deb hisoblaydi. Shimoliy Kipr Turk Respublikasi nomini olgan tuzilma Turkiy davlatlar tashkiloti va Islom Hamkorlik Tashkilotiga kuzatuvchi sifatida a’zo. 

Shimoliy Kipr Turk Respublikasi aholisi taxminan 294 906 kishi bo‘lib, 3355 km² maydonda yashaydi. Aholining katta qismini etnik turklar tashkil etadi. Ularning anklavlarida Kipr yunonlari va livanlik maronitlar ham yashaydi. Shimoliy Kipr Respublikasi poytaxti – Kipr Respublikasi va Shimoliy Kipr Respublikasi o‘rtasida bo‘lingan Lefkosa (Nikosiya) shahri. 

Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Kiprning qolgan qismidan bufer zona bilan ajratilgan. Orolni ikki sektorga ajratuvchi chiziq Kiprdagi BMT tinchlikparvar kuchlari kontingenti tomonidan qo‘riqlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Turkiy davlatlar tashkiloti Shimoliy Kipr Turk Respublikasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing