Erdo‘g‘an turk-ozar qo‘shinlari “birlashishi” yo‘lida muhim “qadam tashladi”

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Anqara va Baku o‘rtasida harbiy sohada hamkorlik qilish imkoniyatini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini ratifikatsiya qildi. Tegishli farmon rasmiy hukumat gazetasi “Resmi Gazete”da tarqatildi.  

Avvalroq, Turkiya parlamenti ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlariga oid Shusha deklaratsiyasini o‘z ichiga olgan hujjatni qabul qilgan edi. 

Bundan tashqari, 1 fevral kuni Ozarbayjon parlamenti ushbu deklaratsiyani tasdiqladi. Hujjat o‘tgan yilning 15 iyunida Ozarbayjon va Turkiya Prezidentlari Ilhom Aliyev va Erdo‘g‘an tomonidan Qorabog‘ning Shusha shahrida imzolangan edi. 

Deklaratsiya “tomonlardan birining xalqaro tan olingan chegaralarning mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi, daxlsizligi yoki xavfsizligiga uchinchi davlat yoki davlatlar tomonidan tahdid yoki tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda” BMT Nizomiga muvofiq Baku va Anqara tomonidan o‘zaro yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi.  

“Shoshilinch muhokamalar orqali ushbu yordamning hajmi va shakli aniqlangandan so‘ng, mudofaa ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni qabul qilish va Qurolli Kuchlar qo‘mondonligi va qo‘mondonlik tuzilmalarining muvofiqlashtirilgan faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilinadi”, deyiladi xabarda.  

Hujjat bandlaridan birida Ozarbayjon va Turkiya o‘z Qurolli Kuchlarini zamonaviy talablar asosida modernizatsiya qilish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirishi belgilangan. Bu kadrlar almashinuvi va qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, hujjatda ikki davlat o‘rtasidagi harbiy-siyosiy hamkorlik uchinchi davlatlarga qarshi qaratilmagani belgilab qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Ozarbayjon

Baholaganlar

168

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing