Erdo‘g‘an Tramp va Putinni Istanbulda uchrashtirmoqchi
Olam
−
25 iyul 3235 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an rossiyalik amerikalik mavqedoshlari Vladimir Putin va Donald Tramp bilan Ukrainadagi mojaro bo‘yicha Istanbulda uchrashish imkoniyatini muhokama qilish uchun telefon orqali muloqot o‘tkazish rejasini ma’lum qildi. Bu haqda Erdo‘g‘an jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Bu hafta Putin va Tramp bilan telefon orqali muzokaralar olib borganimizdan so‘ng, Istanbulda liderlar uchrashuvini tashkil qila olamizmi, ko‘ramiz. Bu bizning vazifamiz”, dedi u.
AQSH Prezidenti Donald Tramp esa bugun, 25 iyul kuni Oq uyning janubiy maysazorida jurnalistlar bilan suhbatda Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishi mumkinligini aytdi.
“Bu sodir bo‘ladi. Lekin bu uch oy oldin sodir bo‘lishi kerak edi”, dedi Tramp Putin va Zelenskiy bilan uchrashuv istiqbollari haqidagi savolga javoban.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Rossiyaga Prezidentlar Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvni avgust oyi oxirigacha Donald Tramp ishtirokida tashkil etishni taklif qilgan edi. Zelenskiyning o‘zi bu haqda iyul oyi boshida aytib, tinchlikka erishish uchun yuqori darajadagi muzokaralar zarurligini ta’kidlagan edi.
Rossiya yetakchisining matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday uchrashuv ehtimolini izohlar ekan, yuqori darajadagi muzokaralar mojaroni hal qilishga yordam berishi mumkin bo‘lsa-da, bu murakkab jarayonni tezda yakunlab bo‘lmasligini aytdi.
Rossiya muzokaralar delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy avvalroq Rossiya va Ukraina yetakchilarining uchrashuvi mamlakatlar o‘rtasidagi ziddiyatni hal etishda yakuniy bosqich bo‘lishi kerakligini, biroq buning uchun puxta tayyorgarlik ko‘rish kerakligini ta’kidlagan edi. Kreml, shuningdek, yuqori darajadagi muzokaralar faqat delegatsiyalarning dastlabki ishi va aniq kelishuvlar asosida amalga oshirilishi mumkinligini ta’kidladi.
Live
Barchasi