Erdo‘g‘an Stoltenbergga Shvetsiya va Finlyandiya a’zoligi bo‘yicha talablarini aytdi

Olam

image

Shvetsiya va Finlyandiya NATOga qo‘shilish uchun Kurdiston ishchi partiyasini (PKK) qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishini ko‘rsatishi kerak. Bu haqda kecha, 3 iyun kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida aytib o‘tdi.

“Tomonlar Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirishini muhokama qilishdi. Prezident Erdo‘g‘an, Turkiyaning Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lishi haqidagi xavotirlari qonuniy talablarga asoslanganligini aytdi. Prezident Erdo‘g‘an har ikki davlat ham terrorizmni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechganini, Turkiyaga nisbatan sanksiyalarni bekor qilganini va ittifoq bilan birdamlik ko‘rsatishga tayyor ekanini ochiq ko‘rsatishlari kerakligini ta’kidladi”, deya xabar bergan Turkiya Prezidenti devoni.

O‘z navbatida Stoltenberg “asosiy ittifoqchi bo‘lgan Turkiyaning umidlari oqlanishi kerakligini” aytib o‘tgan.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishi

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi. Xususan, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishi aytildi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala davlatga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi. Bunga ikki davlat Turkiya terrorchi deb tan PKK'ni ko‘llab-quvvatlashi sabab qilib ko‘rsatildi.

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya rasman NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. Erdo‘g‘an esa Turkiya ushbu ikki davlatning NATOga kirishiga yo‘l qo‘yib, Gretsiya bilan yo‘l qo‘ygan xatosini takrorlamasligini aytdi.

29 mayga kelib Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Shvetsiya va Finlyandiya delegatsiyalari bilan ushbu mamlakatlarning NATOga a’zo bo‘lish masalasi bo‘yicha muzokaralar natijalaridan norozi ekanini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

31

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing