Erdo‘g‘an Shavkat Mirziyoyevni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi
Jamiyat
−
24 iyul 1202 3 daqiqa
Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbat avvalida Turkiya Prezidenti davlat rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va davlatchilik faoliyatida yangi zafarlar tilagan.
Qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani, hamkorlikning yuqori sur’atlarda rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Bildirilishicha, tovar ayirboshlash hajmi o‘smoqda, qo‘shma korxonalar soni va muntazam aviaqatnovlar ko‘payib, istiqbolli loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Shuningdek, madaniy-gumanitar tadbirlar ham faol davom etyapti. Jumladan, Xatayda O‘zbekistonga bag‘ishlangan majmualar ochilgan, Namangandagi Xalqaro maqom san’ati festivali va Islom sivilizatsiyasi forumida Turkiya tomoni yuqori darajada qatnashgan.
Muloqotda oliy darajadagi kelishuvlar doirasida oldinda turgan ulkan reja va maqsadlarni birgalikda ro‘yobga chiqarish masalalariga ham alohida urg‘u berilgan.
Davlat rahbari Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishni taklif etgan.
Ma’lumot uchun, bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 69 yoshga to‘ldi.
Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi.
1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatgan.
1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlangan. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan.
Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib borgan.
Shavkat Mirziyoyev 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlangan va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlangan.
U 2016, 2021 va 2023 yillarda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlarida g‘alaba qozonib, O‘zbekiston Prezidenti etib saylangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklagan edi.
Live
Barchasi