Erdo‘g‘an saylovni 14 mayda o‘tkazish haqidagi qarorni imzolamoqchi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 14 may kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik va parlament saylovlarini 10 yoki 11 mart kunlari rasman e’lon qilishi kutilmoqda. Bu haqda hukumatga yaqin “Sabah” gazetasi xabar berdi. 

Nashrning qayd etishicha, Erdo‘g‘an ham, prezident bilan saylov ittifoqida bo‘lgan Millatchi Harakat partiyasi (MHP) yetakchisi Davlat Bog‘chali ham saylovlarni 14 may kuni o‘tkazish zarurligi borasida hamfikrdir. Mamlakatda sodir bo‘lgan dahshatli zilzilalarga qaramay, bu sana kun tartibida qolmoqda. Gazetaning qayd etishicha, Erdo‘g‘an 14 mayni saylov kuni deb e’lon qilmoqchi, ya’ni fors-major holatlari yuzaga kelmasa, tegishli farmonni imzolaydi. 

Shu bilan birga “Sabah” gazetasining izoh berishicha, saylov sanasini e’lon qilish uchun konstitutsiyaga ko‘ra, parlamentning qarori yoki Prezidentning alohida farmoni talab qilinadi, buning uchun Milliy Majlisning tasdig‘i kerak emas. Shunga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi e’lon qilingan sanadan kelib chiqib, uni 60 kun ichida o‘tkazish uchun tayyorgarlik ko‘radi. 

Asosiy masala – zilziladan jabr ko‘rgan 11 viloyatda ovoz berish tartibi.  

27 fevraldan boshlab Markaziy saylov komissiyasi zilzilalardan keyin katta vayronagarchiliklar yuzaga kelganini inobatga olgan holda, ovoz berish amalda qanday aniq tashkil etilishi, qaysi hududlarda va qaysi muassasalar negizida o‘tkazilishi yuzasidan qaror qabul qilish maqsadida hududlarni tekshirishga kirishadi. Konteyner shaharchalarida saylov uchastkalari va ko‘chma ovoz berish punktlarini tashkil etish masalasi ham o‘rganiladi. 

Bundan tashqari, MSK jabrlangan hududlarning ularni tark etgan va boshqa viloyatlarga vaqtincha qo‘nim topgan yuz minglab aholisi uchun ko‘rsatmalar ishlab chiqishi kerak. Bunda saylovchilarni ro‘yxatga olish va ro‘yxatlarini shakllantirish yashash joyi bo‘yicha amalga oshirilayotgani, ko‘plab ko‘chirilganlarning esa yangi joyda ro‘yxatga olish hujjatlari hali mavjud emasligi sababli ayrim qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Erdo‘g‘an bundan bir necha hafta avval mamlakatda kutilayotgan saylov yoz oylarida emas, balki mayning birinchi yarmida o‘tkazilishi taklif qilgandi. Davlat rahbari bunga sabab sifatida ko‘plab fuqarolarning yoz oylarida mamlakatni ta’til sababli tark etib, saylov jarayonlarida qatnasha olmasligi bilan bog‘lagandi. Keyinroq u saylovni 14 may kuni o‘tkazishni taklif qildi. Boisi bundan 73 yil avval, 1950 yilning 14 may kuni Turkiyada ilk bor ko‘p partiyaviylikka qadam tashlangan. Shu yili Adnan Menderes va Jalol Bayar boshchiligidagi Demokratlar Otaturk ta’sis qilgan va 27 yil iqtidorda bo‘lgan “Jumhuriyat xalq” partiyasi ustidan g‘alabaga erishib, mamlakat boshqaruvini qo‘lga olgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing