Erdo‘g‘an Putinning taklifiga rozi bo‘ldi
Olam
−
12 may 13133 2 daqiqa
Anqara Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi sulhni qo‘llab-quvvatlaydi va ikki davlat Turkiyada muzokaralar o‘tkazishiga rozi. Bu haqda kecha, 11 may kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon muloqoti chog‘ida so‘z ochdi.
Ma’lum qilinishicha, muloqot davomida Putin Istanbulda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarni qayta boshlashni taklif qilgan. Turkiya tomoni versiyasiga ko‘ra, Erdo‘g‘an Putinga uning mamlakati Rossiya-Ukraina muzokaralari uchun maydon taqdim etishga tayyorligini aytgan. Qolaversa, Erdo‘g‘an “tinchlikka erishish nuqtai nazaridan imkoniyatlar oynasi ochilganini” ta’kidlagan.
Shu bilan birga, Turkiya nashrlarining ta’kidlashicha, Erdo‘g‘an o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish uchun zarur muhit yaratishini ham qo‘shimcha sifatida aytgan.
Bundan tashqari, yetakchilar savdo va investitsiyaviy aloqalarni yanada kengaytirish, shu jumladan energetika sohasida strategik qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘anga murojaat qilib, Ukrainadagi mojaroda vositachilik qilishni so‘ragan edi. Trampga ko‘ra, Turkiya rahbarining Rossiya bilan ham, Ukraina bilan ham aloqasi juda yaxshi va u vositachilik rolini amalga oshira oladi. Qolaversa, 10 may kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Kiyevga borgan yevropalik siyosatchilar tinchlik sa’y-harakatlari bo‘yicha AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan telefon muloqot qilgan edi. Muloqotda Zelenskiy 12 may kunidan boshlab Ukraina 30 kunga o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligini bildirgan edi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr