Erdo‘g‘an Putinni ko‘ndirganini aytdi
Olam
−
04 noyabr 2022
9336Turkiya va Rossiya muhtoj mamlakatlarga oziq-ovqat mahsulotlarini tekin yetkazib berishga kelishib oldilar. Bu haqda bugun, 4 noyabr kuni Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma’lum qildi.
“[Rossiya prezidenti Vladimir] Putin bilan muzokaralarimiz chog‘ida muhtoj davlatlarga donni tekin jo‘natishga kelishib oldik. Biz Putinning fikriga qo‘shilamiz, Afrika Qora dengiz don yo‘lagidan foydalanishi kerak. Biz don kemalarining hozirda og‘ir oziq-ovqat inqirozi va ocharchilikdan aziyat chekayotgan mamlakatlarga yetib borishini ta’minlaymiz”, deydi Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, u BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan ham bu haqda gaplashgan. Bundan tashqari, Prezident Balida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida Afrika davlatlarini oziq-ovqat bilan ta’minlash masalasini ko‘tarish niyatida ekanligini ma’lum qildi.
Erdo‘g‘an, G‘arb davlatlarining Afrikadagi odamlarning azob-uqubatlariga e’tibor bermay, insoniylik saboqlarini berishga urinishlari uyat ekanligini aytdi.
“Millionlab odamlarning azob-uqubatlari e’tiborga olinmaydi. Afrikada, xususan, Somalida bir burda nonga ega bo‘lmagan holda halok bo‘layotgan har bir begunoh insonning dardi qalbimizni ezadi. Afsuski, millionlab odamlarning boshiga yetayotgan bu fojialarga barham berish uchun hech qanday harakat qilinmayapti. Butun dunyoga insoniylik saboqlarini berayotgan G‘arb davlatlarining bu fojiaga befarq qarab turishi uyatdir”, deydi Turkiya rahbari.
Shu bilan birga, Erdo‘g‘an Turkiya Yevropaning mentaliteti va xatti-harakatidan ajablanmasligini, lekin buni qabul qilmasligini ta’kidladi.
“Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasi ular uchun arzon ishchi kuchi, oltin va neft bilan xizmat qilgani uchun qadrlidir. Agar bunday qilmasalar, ular Yevropaning ulug‘vor bog‘iga bostirib kirgan begona o‘tlarga aylanadi. Odamlarni tili, teri rangi va yurtiga ko‘ra ajratuvchi qarash dunyomizni qanday falokatga olib kelganini bilamiz. Islom olamidagi ba’zi birodarlarimiz va opa-singillarimiz ham qurbonlarning faryodiga kardek munosabat qilyapti”, deydi Turkiya Prezidenti.
2 noyabr kuni Prezident Putin Rossiya g‘alla bitimidan chiqsa ham, eng qashshoq mamlakatlarga don yetkazib berishga tayyorligini ma’lum qildi. U g‘alla bitimi eng qashshoq mamlakatlarning oziq-ovqat xavfsizligi manfaatlarini ta’minlash bahonasida amalga oshirilganiga, biroq ularga Ukraina hududidan atigi 4 foiz don yetkazib berilganiga alohida urg‘u berdi. U, shuningdek, Rossiya kelajakda Ukrainadan Turkiyaga don yetkazib berilishiga to‘sqinlik qilmasligiga ishontirdi.