Erdo‘g‘an tarqatib yuborilgan PKK bo‘yicha ilk bor so‘z ochdi
Olam
−
12 iyul 6122 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakatda taqiqlangan Kurdiston Ishchilar partiyasi (PKK) qurollarni tashlagach, ilk bayonotini berdi. Bu haqda davlat rahbari o‘zining X ijtimoiy tyarmog‘ida yozib qoldirdi.
Erdo‘g‘an ushbu voqeani respublika xavfsizligini ta’minlash yo‘lida muhim qadam, deb atagan.
“Bugun terrorizmsiz Turkiya yo‘lida tashlangan muhim qadamingiz muborak bo‘lsin. Alloh taolo bizga mamlakatimiz xavfsizligi, xalqimiz tinchligi va mintaqamizda barqaror tinchlikni o‘rnatish yo‘lida maqsadlarimizga erishish imkonini bersin”, degan Turkiya Prezidenti.
Ma’lumot uchun, Kurdiston Ishchilar partiyasi 1978 yil 27 noyabrda chap sotsialistik partiya sifatida tashkil etilgan va 1984 yil 15 avgustdan boshlab Turkiya hukumatiga qarshi qurolli urushni boshlagan. Uning tarafdorlari Abdulla O‘jalonni oliy yetakchi va mafkuraviy ilhomlantiruvchi deb biladi.
Turkiya, AQSH, Yevropa Ittifoqi va ayrim boshqa davlatlar PKKʼni terrorchi tashkilot deb tan olgan.
Abdulla O‘jalon 1999 yildan beri Imrali orolidagi qamoqxonada izolyatsiyada saqlab kelinmoqda. U joriy yilning 27 fevral kuni tarixiy bayonot berib, tarafdorlarini Turkiyaga qarshi 40 yildan ortiq davom etgan kurashdan so‘ng qurollarini tashlab, PKK tarqatilganini e’lon qilishga chaqirdi. Bu harakat 40 mingdan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lgan mojaroda tinchlikka yo‘l ochishga qaratilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kurdiston Ishchilar partiyasi qurolli mojaroni to‘xtatish va o‘zini tarqatib yuborishga qaror qilgani haqida bayonot tarqatgandi. Qolaversa, partiya Shimoliy Iroqda o‘tkazilgan marosimda o‘z ixtiyori bilan qurollarini topshirgani va ularni ramziy tarzda yoqqanini tasdiqlagandi.
Live
Barchasi