PKK o‘zini o‘zi tarqatib yubordi
Olam
−
12 may 10271 2 daqiqa
Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchi partiyasi (PKK) terror tashkiloti qurolli mojaroni to‘xtatish va o‘zini tarqatib yuborishga qaror qilgani haqida bayonot tarqatdi. Bu haqda “Rudaw” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu qaror joriy yilning 5-7 may kunlari bo‘lib o‘tgan 12-partiya qurultoyida qabul qilingan.
Yakuniy deklaratsiyasida aytilishicha, “s’ezd PKK tashkiliy tuzilmasini tarqatib yuborish va qurolli kurashni to‘xtatish, shu bilan PKK deb nomlangan tashkilot faoliyatiga chek qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilgan”.
Shuningdek, partiya kurashning siyosiy va demokratik usullariga o‘tilganini e’lon qilgan va xalqaro hamjamiyatdan yordam so‘ragan.
Bundan tashqari, o‘zini o‘zi tarqatib yuborgan terrorchilik tashkiloti Turkiya rasmiylarini hibsga olingan yetakchisi Abdulla O‘jalonga huquqiy va siyosiy kafolatlar berishga chaqirgan.
Ma’lumot uchun, Kurdiston ishchi partiyasi 1978 yil 27 noyabrda chap sotsialistik partiya sifatida tashkil etilgan va 1984 yil 15 avgustdan boshlab Turkiya hukumatiga qarshi qurolli urushni boshlagan. Uning tarafdorlari Abdulla O‘jalonni oliy yetakchi va mafkuraviy ilhomlantiruvchi deb biladi.
Turkiya, AQSH, Yevropa Ittifoqi va ayrim boshqa davlatlar PKK'ni terrorchi tashkilot deb tan olgan.
Abdulla O‘jalon 1999 yildan beri Imrali orolidagi qamoqxonada izolyatsiyada saqlanib kelinmoqda. U joriy yilning 27 fevral kuni tarixiy bayonot berib, tarafdorlarini Turkiya davlatiga qarshi 40 yildan ortiq davom etgan kurashdan so‘ng qurollarini tashlab, PKK tarqatilganini e’lon qilishga chaqirdi. Bu harakat 40 mingdan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lgan mojaroda tinchlikka yo‘l ochishga qaratilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchi partiyasi (PKK) terror tashkiloti o‘z yetakchisi Abdulla O‘jalonning chaqirig‘iga javoban Anqara bilan sulh e’lon qilgan edi. Shundan so‘ng Turkiya Kurdiston Ishchilar partiyasiga aloqador guruhlarni zo‘ravonlikdan voz kechishga va qurollarni tashlashga chaqirgan edi.
Live
Barchasi