Erdo‘g‘an Ostonadagi sammitda Isroilning jinoyatlarini ko‘rib chiqmoqchi
Olam
−
30 Oktabr 2023
8222Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an qozog‘istonlik mavqedoshi Qosim-Jomart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Turkiya Prezidenti ma’muriyatining X'dagi sahifasida ma’lum qilindi.
Bildirilishicha, yetakchilar Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaro atrofidagi hozirgi vaziyatni muhokama qilgan.
“Tomonlar Turkiyaning G‘azoga gumanitar yordam yetkazish borasidagi sa’y-harakatlari va Isroil tomonidan falastinliklarning huquqlari buzilayotganiga to‘xtaldi”, deyiladi rasmiy xabarda.
Shuningdek, Prezident Erdo‘g‘an Turkiy Davlatlar Tashkilotining Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan sammitida gumanitar sulhni ta’minlash, mojaro tarqalishining oldini olish va Isroilning xalqaro huquqlarga zid harakatlarini batafsil muhokama qilish zarurligini ta’kidlagan.
Suhbat chog‘ida Qozog‘iston rahbari o‘z mavqedoshini Turkiya Respublikasi tashkil topganining 100 yilligi munosabati bilan tabriklagan.
Turkiya rahbari esa Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatida sodir bo‘lgan portlash oqibatida insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 3 noyabr kuni Ostona shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining o‘ninchi yubiley sammiti bo‘lib o‘tadi. Yig‘ilishda tashkilotga a’zo davlat rahbarlari: O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Turkiya, shuningdek, TDT kuzatuvchi-davlatlari – Vengriya va Turkmaniston rahbarlari ishtirok etadi.
LiveBarchasi