Erdo‘g‘anning ahvoli og‘irmi? Turkiya Prezidenti o‘zi haqidagi iddaolarga javob qaytardi (video)
Olam
−
04 Oktabr 2021 26556 2 daqiqa
Joriy yilning 1 oktyabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an og‘ir dardga chalingan bo‘lishi mumkinligi va shu sababdan 2023 yildagi saylovlarda prezidentlikka nomzodini ko‘rsatmasligi haqida xabar tarqaldi. Bu xabarlarni Amerikaning “Foreign Policy” nashri tarqatdi.
Nashr maqolasida Erdo‘g‘an so‘nggi bir qancha tadbirlarda yaxshi ahvolda bo‘lmagani haqida yozilgan. Bunga turli videolar asos qilib olingan. Ulardan birida, maqola muallifiga ko‘ra, Erdo‘g‘an turmush o‘rtog‘ining yordamisiz zinadan chiqa olmagan, boshqasida esa Otaturk maqbarasiga ketayotganda qiyinchilikka duch kelgan. Uchinchi videoda esa Turkiya Prezidenti so‘zlarni tushunarsiz talaffuz qilgan.
Erdo‘g‘an bunga javoban ijtimoy tarmoqdagi sahifasida 15-raqam ostida basketbol o‘ynayotgani aks etgan videoni joylashtirdi. U bilan basketbol o‘ynayotganlar orasida esa ba’zi vazirlar va Prezident ma’muriyatining yuqori martabali mansabdorlari bor. Ularning bari sport formasida.
Videodan ko‘rish mumkinki, Turkiya Prezidenti jamoasi sardori sifatida sheriklarini yaxshiroq o‘ynashga chaqirgan. Yakunda esa Prezident jamoasiga 27 ochko keltirganini eshitib, “ajoyib”, deb qo‘yadi.
Erdo‘g‘an o‘zi e’lon qilgan videoga shunday izoh qoldirgan:
“Salomatlik uchun sport bilan shug‘ullanish muhim, men ham haftada uch marta shunday qilaman. Harakat bu – baxt”.
Ma’lumot uchun, Rajab Toyib Erdo‘g‘an 67 yoshda. U 2003 – 2014 yillarda Turkiya Bosh vaziri bo‘lgan. 2014 yilda esa mamlakat Prezidenti etib saylangan.