Erdo‘g‘an NATO yetakchilariga o‘zi haqidagi kitobni sovg‘a qildi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an NATOning 36-sammitida ishtirok etgan davlat va hukumat rahbarlariga “The Politics of Courage: Erdoğan and the Rise of Türkiye” (“Jasorat siyosati: Erdo‘g‘an va Turkiyaning yuksalishi”) nomli kitobni shaxsiy sovg‘asi sifatida imzolangan maxsus maktub bilan birga taqdim etdi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.

Joriy yilning 7 iyul kuni Rajab Toyib Erdo‘g‘an va uning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an sammitda ishtirok etgan davlat rahbarlari va ularning turmush o‘rtoqlari sharafiga Prezident saroyida rasmiy kechki ovqat uyushtirgandi. Anqaradagi NATO sammiti doirasida o‘tgan rasmiy kechki ovqat marosimi bu safar birinchi xonimlar va ayol yetakchilarning nafis liboslari namoyish etilgan o‘ziga xos moda sahnasiga aylandi.

Ma’lum qilinishicha, tadbirdan so‘ng Erdo‘g‘an jamg‘armasi tomonidan tayyorlangan “Jasorat siyosati: Erdo‘g‘an va Turkiyaning yuksalishi” nomli biografik kitob imzolangan maxsus maktub bilan birga yetakchilarga sovg‘a qilingan.

Manbaga ko‘ra, xalqaro o‘quvchilar auditoriyasi uchun ingliz tilida tayyorlangan kitobda Erdo‘g‘anning siyosiy faoliyati orqali Turkiyaning yaqin siyosiy tarixi, muhim qarorlar, mamlakat duch kelgan sinovlar, amalga oshirilgan islohotlar va uzoq muddatli maqsadlar tahlil qilingan.

Shuningdek, kitobda Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning yetakchilik faoliyati hamda Turkiyada so‘nggi chorak asr davomida yuz bergan siyosiy, ijtimoiy va institutsional o‘zgarishlar “jasorat siyosati” tushunchasi asosida yoritilgan.

“Tarix faqat sodir bo‘lgan voqealar yig‘indisi emas, balki o‘sha voqealarga yo‘nalish bergan qarorlar, ulkan mehnat va shakllangan qarashlarning umumiy merosidir. Bu asar shaxsiy hayot yo‘limdan tashqari, xalqimiz bilan birga barpo etgan orzularimiz, amalga oshirgan loyihalarimiz va kelajak avlodlarga qoldirayotgan merosimizning ifodasidir”, degan Prezident Erdo‘g‘an kitobga ilova qilingan maxsus maktubida.

Maktubdagi ushbu fikr kitobning asosiy g‘oyasini ham aks ettiradi. U oddiy siyosiy biografiya doirasidan chiqib, Turkiyaning yaqin tarixiga xalq, yetakchilik va umumiy kelajak nuqtai nazaridan yondashishni maqsad qilgan.

Shu jihatdan kitob Turkiyada so‘nggi yillarda yuz bergan o‘zgarishlarni xalqaro jamoatchilikka uning tarixiy va ijtimoiy zamini bilan birga tushuntiruvchi keng qamrovli manba sifatida baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Erdo‘g‘an Anqarada bo‘lib o‘tgan NATOning 36-sammiti yakunida alyans yetakchilariga ularning ismi o‘yib yozilgan maxsus ishlab chiqarilgan to‘pponcha hamda bir quti o‘q-dorini sovg‘a qilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing