Erdo‘g‘an NATO Bosh kotibi bilan Ukrainani muhokama qildi

Olam 4048
image
-

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan telefon orqali suhbat o‘tkazdi. Bu haqda Turkiya Prezidenti ma’muriyatining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida aytilgan.

Ma’lum qilinishicha, suhbatda Egey va Sharqiy O‘rta yer dengizi, Liviya va Afg‘onistondagi voqealar hamda Rossiya-Ukraina inqiroziga urg‘u berilgan mintaqaviy muammolar muhokama qilingan.

Prezident Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, Turkiyaning konstruktiv qadamlari va qat’iyatli da’vatlari tufayli bugun Egey dengizi hamda Sharqiy O‘rta dengizda tinch muhit hukm surmoqda.

Davlat rahbari Liviyaning yangi hukumatini mudofaa va xavfsizlik sohasida qo‘llab-quvvatlash zarurligiga ishora qilib, Turkiya o‘zi imzolagan tegishli shartnomalar doirasida bu yo‘nalishda hissasini qo‘shayotganini ta’kidlagan.

Turkiya rahbarining ta’kidlashicha, Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash NATOning imkoniyatlari va salohiyatidan foydalangan holda, eng samarali tarzda davom ettirilishi kerak.

Turkiya prezidenti Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi inqirozni Ukrainaning hududiy yaxlitligi va Minsk kelishuvlariga asoslanib, dialog orqali hal qilish kerakligiga ishonch bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina Prezidenti 10 aprel kuni Turkiyaga tashrif buyurdi. Muzokaralar doirasida harbiy hamkorlik ham muhokama qilingan.

Zelenskiy bilan muzokaralardan so‘ng, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiya va Ukrainaning mudofaa sanoati sohasida hamkorligi boshqa mamlakatlarga qarshi yo‘naltirilmaganini aytgan.

Shu bilan birga, Erdo‘g‘an Qrimni Rossiyaning hududi deb tan olmasligi hamda Ukrainaning NATOga kirishini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.

Umidjon Nozimjonov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 161
Reyting: 2.9
t
×