Erdo‘g‘an Mirziyoyev bilan kelishuvlardagi muhim jihatga to‘xtaldi

Jamiyat 3572
image

Oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashining yig‘ilishlari bundan buyon ikki yilda bir marta emas, balki har yili o‘tkaziladi. Qolaversa, mamlakatlar o‘zaro tovar ayirboshlashni 10 milliard dollarga yetkazadi. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi majlisidan keyin Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan imzolagan qo‘shma bayonotida ma’lum qildi. 

Turkiya rahbariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi o‘tgan yili 72 foizga o‘sib 3,6 milliard dollardan oshgan.  

“Eng qisqa vaqt ichida – bir yil muhlat oldik – 5 milliard dollarlik dovonni oshib o‘tamiz. Bu bilan to‘xtab qolmaymiz. Birgalikda tashlaydigan qadamlarimiz bilan 10 milliard dollarga yetamiz”, deydi Rajab Toyib Erdo‘g‘an. 

Shuningdek, Turkiya Prezidenti Oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishini har yili o‘tkazish belgilanganini aytdi. 

“Bu yig‘ilishni ikki yilda bir marta emas, balki yiliga bir marta o‘tkazish orqali barcha bu qadamlarni yaqindan kuzatib borishni xohlaymiz. Bugun imzolangan Imtiyozli savdo shartnomasi tufayli maqsadlarimizga tezroq erishamiz deb o‘ylayman. 10 ta shartnoma imzolandi. Ushbu 10 ta shartnomaning imzolanishi Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi bu jarayonning yanada kuchliroq rivojlanishini anglatadi”, deydi Erdo‘g‘an. 

Qo‘shma bayonotda qayd etilishicha, turk shirkatlarining O‘zbekistonga kiritgan sarmoyasi 1,5 milliard dollarga yetgan. Pudratchi tashkilotlar bugungacha 5 milliard dollarlik 241 ta loyihani muvaffaqiyatli yakunlagan. 

Erdo‘g‘an so‘zida davom etarkan, turk shirkatlarining O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyalarining amalga oshishiga hissa qo‘shishga tayyor ekanligini alohida urg‘uladi va Prezident Shavkat Mirziyoyevga turkiyalik investorlarga bildirgan ishonchi uchun o‘zi va xalqi nomidan minnatdorlik bildirdi. 

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 41
Reyting: 2.9
t
×