Erdo‘g‘an konstitutsiyani o‘zgartirmoqchi

Olam

image

Turkiya siyosiy elitalarning dunyoqarashi bilan tuzilgan yo‘lda davom eta olmaydi. Poydevori davlat to‘ntarishini o‘zida aks ettirgan ushbu Konstitutsiyani o‘zgartirish kerak. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 27 may kuni 1960 yilda Turkiyada amalga oshirilgan davlat to‘ntarishiga 64 yil to‘lishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda so‘z ochdi. 

Uning qayd etishicha, 1960 va 1980 yillardagi davlat to‘ntarishidan keyin Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar, yangilashlar mafkuraviy, qattiq va zaif siyosiy jihatlarga ega. Chunki ular siyosiy bo‘lmagan ishtirokchilar tomonidan tayyorlangan.

“Millatning g‘oyalari, talablari, tashvishlari va umidlari hisobga olinmasdan, murosa izlamasdan tuzilgan konstitutsiyalar tug‘ilishdan nogiron bo‘lib, muammolarni hal qilishdan ko‘ra inqiroz yaratishga yaqinroqdir”, deydi Erdo‘g‘an.

Turkiya rahbariga ko‘ra, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari o‘rtasidagi takroriy bahs-munozaralardan tortib, yuqori sud organlari o‘rtasida yuzaga keladigan ziddiyatlargacha bo‘lgan muammolarga aynan amaldagi Konstitutsiyadagi kemtiklar sabab bo‘lmoqda. Alohida urg‘ulashicha, davlat va fuqaro o‘rtasidagi munosabatlarni zaharlaydigan byurokratik oligarxiyani yo‘q qilib bo‘lmasligining sababi ham shu.

“Biz poydevori to‘ntarishchilarga borib taqaladigan, tili muammoli, hamjihatlikdan ko‘ra elitaning kelishuvini aks ettiruvchi hozirgi konstitutsiyamiz bilan davom eta olmaymiz. Respublikamizning 100 yilligi to‘ntaruv konstitutsiyasi bilan o‘tgani allaqachon siyosiy tuzum uchun katta sharmandalikka sabab bo‘lmoqda. Birovning rohati buzilmasin deb, endi xalqimiz bu sharmandalik bilan yashashiga yo‘l qo‘ya olmaymiz”, deydi Erdo‘g‘an.

Unga ko‘ra, konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha muloqotlarga muxolifat ham qo‘shilib, bu borada Hukumatni qo‘llab-quvvatlaydi.  

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning may oyida Rajab Toyib Erdo‘g‘an yoshlar bilan saylovoldi uchrashuv o‘tkazib, unda konstitutsiyani yangilash niyati borligi, unga LGBTga qarshi moddalar kiritilishi kerakligini aytgan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Turkiya Konstitutsiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing