Erdo‘g‘an xalqiga kamida to‘rttadan farzand ko‘rishlarini tavsiya qilmoqda

Olam

“Bu mamlakatda ko‘p yillar tug‘ilishni nazorat ostiga olib, millatimizga xiyonat qildilar, naslimizni quritish yo‘lidan bordilar”. Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning yuqoridagi gaplari ayni vaqtda nafaqat turk matbuotini, balki yevropa ommaviy axborot vositalarini ham jumbushga keltirmoqda. Davlat rahbari joriy yilning 7 iyun kuni “Arsenal” klubi yarimhimoyachisi Mesut O‘zilning to‘yida guvohlik qilarkan, ikki yoshni tabriklash bahonasida nasl qoldirish masalasiga to‘xtaldi. 

“Oila qurish – uzoq yo‘lga chiqish demakdir. Unda yaxshi kunlar ham bo‘ladi, yomon kunlar ham. Yaxshi kunlar uni boshqalar bilan bo‘lishganing sari ko‘payaveradi. Yomon kunlar esa sabr qilganing sari yaxshi kunlarga o‘rnini bo‘shatib beradi. Beybozoridagi amakimning menga bir maslahatini aytay: bitta bo‘lsa g‘arib, ikkitasi raqib, uchtasi muvozanat, to‘rttasi barakat... Qolgani Allohning karamiga”, deydi Rajab Toyib Erdo‘g‘an ikki yoshga qarata. 

Erdo‘g‘an bu so‘zlarni bejiz eslamaganini aytib o‘tdi. Unga ko‘ra, bir vaqtlar Turkiyada farzand ko‘rish qattiq nazoratga olingani sabab, mamlakatda tug‘ilish soni kamayib ketgan. Bu esa mamlakat taraqqiyoti, demografiyasiga jiddiy ta’sir o‘tkazmay qolmagan. Davlat rahbari aholi soni ortishi, ularning ko‘p qismini esa yoshlar tashkil etishi kerakligi tarafdori.

“Xalqimiz kuchli bo‘lishi uchun harakatchan yosh aholiga muhtojmiz. Albatta, kamol topgan, o‘rta yoshdagilarga ham ehtiyojimiz bor. Biz bunga beparvo bo‘lolmaymiz. Agar bugungi svilizatsiyalardan yuqori turishni istasak, bu millat kuchli bo‘lishi kerak. Iqtisodiyotda “yosh dinamik” degan bir qoida bor. Bu mamlakatda ko‘p yillar tug‘ishni nazorat ostiga olib, millatimizga xiyonat qildilar, naslimizni quritish yo‘lidan bordilar. Avlodlarning kuchi va ahamiyati iqtisodiyotda bo‘lgani kabi hayotda ma’nan juda muhimdir”.

Ma’lumot o‘rnida, Rajab Toyib Erdo‘g‘anning ikki o‘g‘il va ikki qizi bor. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

70

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing