Erdo‘g‘an Qozog‘istonga yolg‘iz jo‘nab ketdi
Olam
−
02 noyabr 2023
6501Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) X sammitida ishtirok etish uchun Qozog‘istonga jo‘nab ketdi. Bu haqda mamlakatning bosh axborot agentligi “Anadolu” xabar berdi.
Davlat rahbarini Anqaradagi Esenbog‘a aeroportida vitse-prezident Javdat Yilmaz va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qolgan.
Safarda Turkiya rahbariga Energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Baqroqdor, Savdo vaziri Umar Bolat, TDT Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim, Milliy razvedka boshqarmasi Ibrohim Qalin va Prezident ma’muriyati qoshidagi Aloqa byurosi rahbari Faxriddin Altun hamrohlik qilmoqda.
Odatda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida o‘tadigan tadbirlarda Erdo‘g‘anga rafiqasi Emina Erdo‘g‘an hamrohlik qilardi. O‘tgan yili 10-11 noyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan tadbirlarda ham Prezident rafiqasi bilan qatnashgan edi. Biroq galdagi tashrifga Emina xonim hamrohik qilmayapti. Bu katta ehtimol bilan Ostonaning talabi. Boisi bugungacha Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning turmush o‘rtog‘i hech qayerda ko‘rinish bermagan. Ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik esa uning rafiqasi borligiga ham shubha bilan qaraydi.
Eslatib o‘tamiz, ertaga, 3 noyabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mezbonligida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar Davlat rahbarlarining X Sammiti bo‘lib o‘tadi. Unda tashkilotga davriy raislik O‘zbekistondan Qozog‘istonga o‘tadi.
Sammitda Ozarbayjon, Qirg‘iziston va O‘zbekiston Prezidentlari – Ilhom Aliyev, Sadir Japarov va Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, TDT kuzatuvchilari davlat/hukumat rahbarlari hamda TDT Bosh kotibi ishtirok etishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Shavkat Mirziyoyevning ishtirokini tasdiqladi.
LiveBarchasi