Erdo‘g‘an qayta saylansa, konstitutsiyani yangilaydi 

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘z ma’muriyatining asosiy vazifalaridan biri respublikaning yangi konstitutsiyasini ishlab chiqish va qabul qilish ekanligini tasdiqladi. Bu haqda u kecha, 22 may kuni TRT telekanali efirida ma’lum qildi.

“Asosiy vazifalardan biri yangi konstitutsiya bo‘lib qolmoqda. Biz partiyalarimiz ittifoqi doirasida bu boradagi ishlanmalarni baholaymiz, zarur ishlarni amalga oshiramiz. Tomonlar o‘rtasida muloqot, konsensus bo‘ladi. Agar ular takliflar bilan chiqsa, tahlil qilamiz”, deygan Turkiya Prezidenti.

Erdo‘g‘an Turkiya to‘ntarish davridagi “merosdan xalos bo‘lishi” zarur deb hisoblaydi. 1980 yildagi harbiy to‘ntarishdan so‘ng 1982 yilda yangi konstitutsiya qabul qilingan, u jiddiy o‘zgarishlarga uchragan bo‘lsada, hozir ham amalda.

Turkiya yetakchisining aytishicha, agar u 28 may kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida g‘alaba qozonsa, mamlakat butunlay o‘zgaradi va kelajakka boshqacha nazar tashlanadi.

Ma’lumot uchun, Erdo‘g‘an ikki marta referendumda konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Eng fundamental o‘zgarish 2017 yilda umumiy ovoz berishda ma’qullangan. O‘shanda parlament boshqaruvi tizimi prezidentlik tizimiga almashtirilgan va Bosh vazir lavozimi bekor qilinib, Prezident vakolatlari kengaytirilgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 14 may kuni Turkiyada prezidentlik va parlament saylovlari o‘tkazildi. Birinchi tur yakunlari bo‘yicha Erdo‘g‘an 49,51%, Qilichdoro‘g‘li 44,88% ovoz to‘pladi. Birinchi turda g‘alaba qozonish uchun nomzodga 50 foizdan ortiq ovoz kerak edi, shuning uchun 28 may kuni saylovning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya saylov Erdo'g'an konstitutsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing