Erdo‘g‘an Isroilni Falastinga yetkazilgan zararni qoplashga chaqirdi
Olam
−
11 fevral
2548Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Isroil falastinliklarga urush va ishg‘ol paytida yetkazgan zararni qoplashi kerakligini aytdi. Bu haqda u bugun, 11 fevral kuni Malayziyada mamlakat Bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
“Xalqaro masalalarni, xususan, Falastin masalasini batafsil muhokama qildik. Muammoning o‘zagi shundan iboratki, Isroil ishg‘ol, bosqinchilik va qirg‘in siyosatini qat’iyat bilan olib bormoqda. Avvalgidek, Isroil yaqinda imzolangan sulh bitimi doirasida bergan va’dalarini bajara olmadi. U Falastin yerlarining ishg‘olini to‘xtatib, yetkazilgan zararni qoplashi kerak”, dedi Erdo‘g‘an.
Uning qo‘shimcha qilishicha, to‘laqonli kelishuv uchun “1967 yil chegaralari ichida poytaxti Sharqiy Quddusda bo‘lgan mustaqil, suveren va geografik jihatdan integratsiyalashgan Falastin davlatini yaratish nihoyatda muhim”.
“Turkiya va Malayziya Falastinni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarini davom ettiradi. Turkiya hozirgacha Falastinga yuzdan ortiq yordam kemasi yubordi. Yordam berish davom etmoqda. Biz Malayziyaning G‘azo va Falastin bo‘yicha tutgan pozitsiyasini ham qadrlaymiz”, deya qo‘shimcha qildi Erdo‘g‘an.
Turkiya rahbari Osiyo bo‘ylab turnega chiqdi. Malayziyadan keyin Indoneziya va Pokistonga boradi. Erdo‘g‘onga asosiy vazirlardan iborat delegatsiya hamrohlik qilmoqda. Ushbu tashriflar doirasida hamkorlik, savdo va sarmoyaviy sohalarga oid qator shartnoma va memorandumlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
LiveBarchasi