Erdo‘g‘an G‘alaba paradida qatnashish uchun Ozarbayjonga keldi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan, rasmiy tashrif bilan Ozarbayjon poytaxti Bakuga keldi. Prezident bugun, 10 dekabr kuni Ozarbayjonning Baku shahrida bo‘lib o‘tadigan G‘alaba paradida ishtirok etadi. Bu haqda Turkiya Prezidentining Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Ma’lum qilinishicha, Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportda Ozarbayjon Bosh vaziri o‘rinbosari Yagub Eyubov, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ramiz Hasanov va Turkiyaning Bakudagi elchisi Erkan O‘zoral kutib olgan.

Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘an Ozarbayjonda dasturning birinchi qismida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan o‘tkazilgan ziyofatda qatnashgan. Shuningdek, Turkiyaning Birinchi xonimi Emine Erdo‘g‘an va Ozarbayjon Prezidenti Aliyevning rafiqasi Mehribon Aliyeva ham ziyofatda ishtirok etgan.

Turkiya Prezidentining tashrifi to‘g‘risida Ozarbayjon Prezidentining Matbuot xizmati hozircha biror ma’lumot taqdim etmadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning 10 dekabr kuni Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da bir yarim oy davom etgan qurolli to‘qnashuv va qariyb 30 yildan keyin Ozarbayjon yerlarining Armaniston mustamlakasidan qaytarib olinishini tantana qilishi xabar qilingandi. Paradda 150 ga yaqin texnika namoyish etiladi. Ular orasida birinchi bor taqdim etiladigan raketa uchirish moslamalari va havo hujumidan mudofaa tizimlari ham bor.

Keyinchalik, ushbu g‘alaba paradida Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham qatnashishi ma’lum qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Erdo'g'an Parad

Baholaganlar

73

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing