Erdo‘g‘an eridan kaltak yeydigan ayollar bilan iftor qildi

Olam

image

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ramazon oyining har bir kunida iftorni turli soha vakillari bilan bir dasturxon atrofida qilmoqda. Ba’zan oddiy odamlarning xonadonida mehmon bo‘lib, ular bilan choy ustia suhbat qurmoqda. Erdo‘g‘anning galdagi iftor dasturxoni mehmonlari esa mamlakatda zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan, turmush o‘rtog‘i, otasi va ish joyida, ko‘chada erkaklar tomonidan tazyiqqa uchragan ayollar bo‘ldi. 

Istanbuldagi Dolmabaxchi saroyida o‘tgan iftorda Prezident va uning rafiqasi – mamlakat birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘an ayollarni qabul qildi. 

Iftorda zo‘ravonlik oqibatida vafot etgan ayollarning yaqin qarindoshlari ham ishtirok etdi.

So‘zi avvalida, Erdo‘g‘an, yuridik, sud, ma’muriy va eng muhimi, aql va qalbni qamrab oladigan keng qamrovli qadamlar bilan mamlakatni ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va ayollar o‘limi sharmandaligidan qutqarishga qaror qilganini ochiqladi. 

So‘nggi paytlarda zo‘ravonlik tufayli hayotdan ko‘z yumgan ayollarning ismlarini tilga olgan Prezident, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirib, Allohdan rahmat tiladi.

“Juda qayg‘u bilan aytmoqchimanki, dunyoning deyarli barcha joylarida bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va uning oqibatidagi qotillik holatlari davom etmoqda. Asosan, odamlarning zo‘ravonlik qilishlari, jarohatlashlari va ayniqsa, o‘z jonlariga qasd qilishlari qabul qilinishi mumkin emas. Ayollar haqida gap ketganda, bu holat ancha jiddiyroq, adolatsizroq va juda ham yurakni ezadigan darajada.

Umid qilamanki, biz zo‘ravonlikka olib keladigan sabablarni zo‘ravonlikning o‘zi bilan birga yo‘q qilmagunimizcha, shu tarzda kurashimizni tinimsiz davom ettiramiz. Men ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi turishni insonparvarlik, ma’muriy burchimizdan tashqari, marhum onam, rafiqam va qizlarim oldidagi mas’uliyatim talabi deb bilaman. Yodingizda bo‘lsa, separatistik terrorni ildizidan tugatish uchun yo‘lga chiqqanimizda “Onalar yig‘lamasin” dedik. Endi biz ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va ayol o‘limi haqida ham xuddi shunday deymiz. Onalar, otalar, aka-ukalar, bolalar zo‘ravonlik sababidan yig‘lamaydigan kunlar uzoq emas, degan umiddaman”, deydi Erdo‘g‘an.

Prezident Erdo‘g‘an, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va ayollar o‘ldirilishining oldini olish maqsadida so‘nggi 20 yil ichida Turkiyaga ko‘plab yangi huquqiy va ma’muriy tartiblar kirib kelganini urg‘uladi. 

2004 va 2010 yillarda Konstitutsiyaga kiritgan o‘zgartirishlari bilan bu kurashni eng kuchli qonuniy asosga olib chiqqanliklarini ifoda etgan Prezident Erdo‘g‘an, parlamentda tashkil etilishini rag‘batlantirgan Erkaklar va ayollar uchun teng imkoniyatlar komissiyasi orqali qonun chiqaruvchilarning diqqatini ushbu masalaga qarata olganini qayd etdi. 

“Masalan, 2005 yilda kuchga kirgan yangi Turk Jinoyat Kodeksi ayollarni o‘ldirish uchun jazolarni kuchaytirishda juda muhim burilish nuqtasi bo‘ldi. Shubhasiz, bu boradagi eng katta inqilob 2012 yilda qabul qilingan “Oilani himoya qilish va ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish to‘g‘risida”gi qonundir. Ushbu qonun bilan ilk bor “zo‘ravonlik”, “oilaviy zo‘ravonlik”, “ayollarga nisbatan zo‘ravonlik” kabi tushunchalarga ta’rif berildi va ayollar hayotning barcha sohalarida himoya qilindi”, deydi Prezident. 

Turkiya rahbari so‘zida davom etarkan, zo‘ravonlikning oldini olish va nazorat qilish markazlariga oxirgi 10 yilda jami 325 ming ayol va 190 ming bola joylashishi muammoning qanchalik kattaligini ko‘rsatmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

198

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing