Erdo‘g‘an “Don yo‘lagi” bo‘yicha yakuniy hujjat qachon imzolanishini aytdi
Olam
−
20 iyul 2022
5862Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ukrainadan dengiz orqali donni yetkazib berish yo‘lagini yaratish bo‘yicha yakuniy hujjat shu haftada imzolanishi mumkinligiga umid qilmoqda. Bu haqda u Tehrondan qaytgach, jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Shu hafta shartnoma imzolash orqali bu jarayonni yakunlamoqchimiz. Umid qilamizki, rejani amalga oshirish yaqin kunlarda boshlanadi. Jarayon [don tashish] Istanbuldagi muvofiqlashtirish markazidan boshqariladi, unda mamlakatimiz bilan bir qatorda Rossiya, Ukraina va BMT vakillari ishtirok etadi. Biz global oziq-ovqat xavfsizligi uchun muhim bo‘lgan ushbu jarayonni yakunlash uchun sa’y-harakatlarni davom ettirmoqdamiz”, deydi Erdo‘g‘an.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya [muzokaralar] mezbon davlati bo‘lib, Ukraina eksportiga to‘siqni olib tashlash masalasida vositachilik qilmoqda.
"Biz uzoq vaqtdan beri Ukrainadan Qora dengiz orqali g‘alla eksporti masalasi ustida faol ishlayapmiz. Men bu masalani [Rossiya Federatsiyasi va Ukraina prezidentlari] Vladimir Putin va [Vladimir] Zelenskiyga bir necha bor ko‘targanman. Tashqi ishlar va mudofaa vazirlarimiz hamkasblari bilan muzokaralar olib borishdi. Natijada, o‘tgan hafta Istanbulda yakuniy yozma hujjat tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishildi”, deydi Turkiya rahbari.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Anqaraning Ukraina inqirozini hal qilish borasidagi sa’y-harakatlarini ijobiy baholaydi.
“Putin Ukraina muammosini hal qilish bo‘yicha harakatlarimizni ijobiy baholaydi va hatto buning uchun bizga minnatdorlik bildiradi”, deydi Erdo‘g‘an.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 iyul kuni Istanbulda “Don yo‘lagi” yaratish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi, unda Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Ukraina harbiy delegatsiyalari hamda BMT vakillari ishtirok etdi. Jahon Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu guterrish yig‘ilishdan so‘ng Ukrainadan oziq-ovqat mahsulotlarini Qora dengiz orqali xavfsiz va ishonchli eksportini ta’minlash yo‘lida muhim qadam tashlanganini aytdi.