Erdo‘g‘an BMTni kitob bilan “savaladi”
Olam
−
06 Sentabr 2021
16164Bugun, 6 sentyabr kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning “Dunyo yanada adolatli bo‘lishi mumkin” nomli kitobi nashrdan chiqdi. Unda Prezident Erdo‘g‘an dunyoda davom etayotgan urushlar, qirg‘inbarotlar, ochlik, qurg‘oqchilik, qashshoqlik va pandemiya fonida ularning yanada ortib borayotgani, BMT esa qo‘l qovushtirib o‘tirganini yozadi.
Kitobda davlat rahbari Turkiyaning butun insoniyat uchun adolatni ta’minlash harakatlarini batafsil tasvirlab beradi.
Turkiya rahbari o‘z ishida global siyosatdagi ikkilanishlarga, xususan, adolatsizlik, migratsion inqiroz, xalqaro terrorizm va islomofobiya muammosiga ishora qilib, BMT misolida dunyodagi kamsitish va ikki tomonlama standartlarni ochib beradi.
Kitob muallifi BMTning qonuniylik, imkoniyatlar, samaradorlik, inklyuzivlik, vakillik va boshqaruv kabi muammolariga e’tibor qaratgan.
Turkiya Prezidenti bir necha yillardan buyon BMT Xavfsizlik Kengashini tubdan isloh qilish zarurligini ta’kidlab keladi. U kitobda yana bir bor ushbu masalaga to‘xtalgan.
Turkiya davlati rahbari asar orqali "bolalar o‘lgan va o‘ldirilgan dunyoda begunoh odamlar yo‘q" degan g‘oyani ilgari suradi. Qolaversa, Erdo‘g‘an zamonaviy jahon hamjamiyatiga eng zarur narsa adolat deb hisoblaydi.
“Afsuski, global adolatni o‘rnatishga mas’ul bo‘lgan institutlar, aksincha, bunga qarshi ish yuritmoqda”, deyiladi kitobda.
Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, rahm-shafqat yo‘qolgan asrda siyosatchilar adolatni ta’minlashi va vijdon ovoziga aylanishi shart.
Turkiya adolat – kuchdadir emas, kuch – adolatdadir tizimi o‘rnatilguncha “Dunyo beshdan buyuk” g‘oyasi asosida BMTni isloh qilishga chaqirishda davom etadi, deya ta’kidlagan muallif.
Erdo‘g‘an, o‘tmish talablariga muvofiq shakllangan institutlar yordamida bugungi davr muammolarini hal qilishning iloji yo‘qligiga ishora qiladi.
Bundan tashqari, “Bu institutlar yangi muammolarni keltirib chiqarishi aniq”, deydi Turkiya rahbari.
“Bizning tushunchamizga ko‘ra, adolat – bu dunyo tartibini, dunyoni qutqarishni va uning baxtini ta’minlaydi. Odil dunyo uchun ishonch va umidni ta’minlaydigan global tartib kerak”, deyiladi kitobda.
Qayd etilishicha, kitob turk, ingliz, nemis, arab, fransuz, rus va ispan tillarida chop etilgan. Undan tushgan barcha mablag‘lar Turkiya hukumatining Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga o‘tkaziladi.
Ma’lumot o‘rnida, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining 5 doimiy a’zosi bo‘lib, bular – AQSH, Xitoy, Fransiya, Rossiya, Angliya. Turkiya bir necha yillardan buyon Xavfsizlik kengashi tarkibi kengaytirilishi kerakligini talab qilib keladi.