Erdo‘g‘an BMTda tashkilotning taqdirini “go‘rga tiqadigan” nutq qilmoqchi
Olam
−
22 Sentabr 6630 3 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMTni isloh qilishga chaqirdi, chunki tashkilot zamonaviy muammolarni hal qilishga qodir emas. U bu haqda BMT Bosh Assambleyasida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka jo‘nab ketish oldidan Istanbulda jurnalistlarga gapirdi.
“Biz 80 yil avvalgi sharoitni aks ettiruvchi BMTning hozirgi tuzilmasi o‘zining zamonaviy vazifalarini bajarish uchun yetarli emasligini ko‘ramiz. Gumanitar inqirozlarni hal qilishni Xavfsizlik Kengashida veto huquqiga ega davlatlar ixtiyoriga qoldirish uchun hech qanday asos yo‘q. Biz buni birinchi marta 12 yil oldin BMT minbaridan aytib, dunyo beshdan [BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolaridan] katta ekanligini ta’kidlagan edik. Yillar davomida bizning baholashimizning asosliligi bir necha bor tasdiqlandi. Hatto, Bosh kotib darajasida ham BMTni zudlik bilan isloh qilish zarurligi ochiq aytila boshlandi”, deydi Erdo‘g‘an.
Uning ta’kidlashicha, Turkiya BMTni isloh qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni doim qo‘llab-quvvatlagan va bundan keyin ham shunday qiladi.
“Bosh Assambleyada insoniyat vijdonini aks ettiruvchi va bu muammolarni hal etishga hissa qo‘shadigan pozitsiyamizni yana bir bor ta’kidlayman. O‘z nutqimda G‘azo sektoridagi gumanitar falokat va vahshiyliklarga alohida to‘xtalib o‘taman. Shuningdek, Turkiyaning mintaqada barqarorlik o‘rnatish borasidagi sa’y-harakatlari va xalqaro tinchlikni saqlashga qo‘shgan hissasiga to‘xtalamiz”, deydi Turkiya rahbari.
Yaqin Sharq masalasiga to‘xtalgan Erdo‘g‘an, ko‘plab davlatlarning Falastin davlatini tan olganini qayd etib, bu tan olish qarorlari ikki davlat yechimining tatbiqini tezlashtirishiga umid bildirdi.
“Yaqin kunlarda yana bir necha davlatning Falastinni tan olishini ko‘ramiz. Bu, albatta, biz uchun ayniqsa quvonarli bo‘ladi. Umid qilamizki, bunday davlatlar qancha ko‘p bo‘lsa, Falastinni tan olishda ham shunchalik ko‘p taraqqiyot bo‘ladi”, deydi u.
Suriyadagi vaziyatga to‘xtalib, Turkiya Prezidenti, mamlakati Suriyani yolg‘iz qoldirmasligini va uni har kuni mustahkamlash uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishini bildirdi.
“Yaqinda Qatarda [Suriya muvaqqat prezidenti] Ahmad ash-Shara va uning tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdik. Bu uchrashuvdan so‘ng razvedka direktorimiz Suriyaga tashrif buyurdi. Tez orada janob ash-Sharani Anqarada mehmon qilamiz. Shuningdek, BMT Bosh Assambleyasi doirasida Amerikadagi Turklar uyida ular bilan uchrashish imkoniga ega bo‘lamiz”, deydi Erdo‘g‘an.
Ma’lumot uchun, Rajab Toyib Erdo‘g‘an Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assableyasining 80-sessiyasida ishtirok etish uchun kecha Nyu-Yorkka yetib bordi. Unga rafiqasi Emina Erdo‘g‘an hamrohlik qilmoqda.
Nyu-Yorkdagi Turk uyiga kiraverishda jurnalistlar bilan suhbatlashgan davlat rahbari BMT Bosh Assambleyasi doirasida Suriya prezidenti Ahmad ash-Shara va AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlari “o‘ta muhim”, chunki ular “butun mintaqaga tegishli” ekanini ta’kidladi.
Live
Barchasi