Erdo‘g‘an bir haftada Putinga qarshi uchta ish qildi
Tahlil
−
12 iyul 2023
17463Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an so‘nggi haftada Rossiya manfaatlariga qarshi uchta qarorni qabul qildi. Bu orqali u mamlakatning uzoq kutilgan orzusi – Yevropa Ittifoqiga kirishiga yaqinlashdi. Bu haqda o‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov shaxsiy Telegram-blogida yozdi.
Rabbimovning fikricha, yaqinda uchinchi muddatga saylangan Erdo‘g‘an Shvetsiya vositasida AQSH va Yevropa Ittifoqi bilan savdolashmoqda. So‘nggi yangiliklarga ko‘ra, NATO Shvetsiya uchun tezlashtirilgan tartibda alyansga a’zo bo‘lish imkonini beradi. Buning uchun oxirgi to‘siq Turkiya bo‘lib turgan edi. Boisi, ushbu mamlakat terrorchi tashkilot sifatida ro‘yxatga olgan guruhlar Shvetsiyadan panoh topgani da’vo qilinardi. Shuningdek, Shvetsiyada Qur’on va Turkiya bayrog‘ining yoqilishi hamda Rajab Toyib Erdo‘g‘an shaxsining tahqirlanishi bilan bog‘liq bir qancha chiqishlar uning NATOga a’zo bo‘lish jarayoni boshlanmasdan avval to‘xtab qolganiga sabab sifatida ko‘rilardi. Endilikda Turkiya Shvetsiyaning alyansga qo‘shilishi bo‘yicha qarorni mamlakat parlamentiga kiritishi kutilmoqda. NATOning yana bir davlat hisobiga kengayishi eng ko‘p Rossiya manfaatlariga zidligini hisobga olsak, “ikki stulda o‘tirish” san’atini yuqori darajada o‘zlashtirgan Erdo‘g‘an uni yaqin hamkori va do‘sti sifatida ko‘ruvchi Putin bilan qaltis siyosiy o‘yin boshlaganini ko‘rish mumkin. Bu haqda Kamoliddin Rabbimov shunday deydi:
“Erdo‘g‘an shu haftaning ichida Rossiya manfaatlariga qarshi bo‘lgan uchta katta ish qildi. Birinchisi – Turkiyadagi “Azov” askarlarini Ukrainaga qaytardi. Kelishuvga ko‘ra, bu askarlar urush tugaguncha Turkiyada qolishi kerak edi. Ikkinchi – Ukrainaning NATOga kirishga “shak-shubhasiz, haqqi bor” deb, Kiyevni qo‘lladi. Va nihoyat, Shvetsiyaga qarshi vetoni olib tashlab, NATOga kirishiga yo‘l ochdi”.
Darhaqiqat, Turkiya rahbari so‘nggi haftada Rossiyani “xafa qiluvchi” qarorlarni qabul qildi. Bu bilan u Turkiyada may oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan oldin G‘arbda mavjud bo‘lgan “u qayta saylansa nima bo‘ladi?”, degan shubhani yo‘qqa chiqardi, go‘yo. Chunki, Erdo‘g‘an uchinchi muddatga saylanishidan avval Ukraina urushida hech qachon biror tarafni ochiqchasiga qo‘llamadi. U bir tomondan Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmagan bo‘lsa, boshqa tomondan Ukrainaga hariy qurollar, jumladan “Bayraktar” dronlari, gumanitar yordam yuklarini yuborishni ham davom ettirdi. Shuningdek, Rossiyaning yon qo‘shnisi Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishiga qarshilik qilmadi.
Endi esa Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishini qo‘llash orqali kollektiv G‘arb bilan oldi-berdi qilmoqda. Bu qaror ortidan AQSH Shvetsiyaning NATOga qo‘shilish tashabbusi Turkiya tomonidan qo‘lllanganini olqishlab, u uzoq vaqt davomida so‘rab kelgan F-16 qiruvchi samolyotlarini berishga rozi bo‘lish arafasida turibdi. Shuningdek, Turkiyaning azaliy maqsadi – Yevropa Ittifoqiga kirish masalasi ham ikki tomonning o‘zaro “savdo”sida ko‘tarilgan bo‘lishi mumkin.
Rabbimov ham yaqin orada Ittifoq va Turkiya o‘rtasida muzokaralar boshlanib qolishiga umid bildirmoqda.
“Hademay, Turkiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi muzokaralar ham boshlanib ketsa kerak. Erdo‘g‘an siyosatni “eng mahoratli savdolashuv” deb ko‘radi. Turkiya Yevropa Ittifoqiga kirsa, turkiy davlatlar uchun ham manfaatli bo‘ladi deb o‘ylayman”, deb yozgan u.
Ma’lumot uchun, Turkiya 1987 yildan buyon Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga urinib keladi. Biroq, bu bo‘yicha muzokaralar 2016 yilda to‘xtab qolgandi. Yevropa Ittifoqi Turkiyani qabul qilmasligiga inson huquqlarining buzilishi va qonun ustuvorligining pastligini sabab qilib ko‘rsatadi. Ammo, tahlilchilarning fikricha, Yevropa ittifoqi qariyb 90 millionga yaqin aholi istiqomat qiluvchi musulmon davlati bo‘lgan Turkiyani Yevropa sivilizatsiyasining bir qismi sifatida ko‘rmaydi, yoinki uni “Yevropa oialasi”ga qo‘shishdan hadiksiraydi.
Bu haqda o‘z vaqtida AQSH Prezidenti Jimmi Karterning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi vazifasini bajargan Zbignev Bjezinskiy 1997 yilda nashrdan chiqqan “Buyuk shaxmat taxtasi” asarida shunday deydi:
“Barqarorlikni ta’minlash, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqilligini mustahkamlash uchun Qo‘shma Shtatlar Turkiyani “begonalashtirishdan” ehtiyot bo‘lishi va AQSH-Eron munosabatlarini yaxshilash imkoniyatlarini o‘rganishi kerak.
O‘zini Yevropadan cheklangan deb hisoblagan va qo‘shilishga intilayotgan Turkiya yanada islomiy davlatga aylanadi. NATOning kengayishiga qaramay, veto qo‘yishi ehtimoli ko‘proq bo‘lsa, dunyoviy Markaziy Osiyoni barqarorlashtirish va jahon hamjamiyatiga integratsiya qilish yo‘lida G‘arb bilan hamkorlik qilish ehtimoli kamroq.
Shunga qaramay, Amerika Yevropadagi ta’siridan Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qabul qilinishini vaqt o‘tishi bilan targ‘ib qilish uchun foydalanishi va Turkiyaning ichki siyosatida islomiy yo‘nalishga keskin burilish qilmaslik sharti bilan Turkiyaga Yevropa davlati sifatida qarashga alohida e’tibor berish kerak.
Osiyo kelajagi bo‘yicha Anqara bilan muntazam maslahatlashuvlar mamlakatga AQSH bilan strategik sheriklikni his qilishga yordam beradi. Amerika Turkiyaning O‘rta Yer dengizi sohilida Kaspiy dengizi havzasining energiya manbalariga asosiy kirish bo‘lib xizmat qiluvchi Bakudan Jayhungacha bo‘lgan neft quvurini qurishga intilishlarini ham faol qo‘llab-quvvatlashi kerak”.
Turkiya yetakchisining keyingi qadamlarini taxmin qilish qiyin. Ammo Erdo‘g‘an tomonidan qabul qilinadigan qarorlar xalqaro siyosat, jumladan Markaziy Osiyo va turkiy dunyo uchun muhim bo‘lishi tayin.
LiveBarchasi