Erdo‘g‘an 27 yil oldin qurishga va’da bergan masjidini ochib berdi (fotoreportaj)
Olam
−
29 may 2021
7681Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 28 may kuni Istanbuldagi Taqsim maydonida barpo etilgan yangi masjidni ochib berdi.
Uning ta’kidlashicha, yangi masjid Istanbulda Chamlija va Ayo Sofiya masjidlaridan keyin kattaligi bo‘yicha uchinchi o‘rinni egalladi.
Majmuaning ochilish marosimida Erdo‘g‘an ushbu masjid “Istanbul zabt qilinganining 568 yilligiga sovg‘a” bo‘lganini ta’kidlagan. Turkiya Prezidentining Istanbulga tashrifi chog‘ida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan va odamlar ko‘pligi sababli transport harakati qisman to‘silgan.
Ochilish marosimida Turkiyaning vitse-prezidenti Fuat Oqtay, Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy va “Adolat va taraqqiyot” hukmron partiyasi raisi o‘rinbosari Binali Yildirim ham ishtirok etgan.
Taqsim masjidi qurilishi 2017 yilda boshlangan, ammo Erdo‘g‘an uni qurishga 1990-yillarning boshlarida, u Istanbul meri lavozimiga nomzod bo‘lganida va’da bergan.
Ob’ekt shaharning markaziy maydonlaridan birida, Turkiyaning birinchi Prezidenti Mustafo Kamol Otaturk haykali yonida joylashgan. Masjid ichki hovlisi bilan birgalikda 4 minggacha kishini qabul qila oladi.
Ushbu tashabbusni tanqid qiluvchilar ham topilgan. Ularning fikricha, masjidning qurilishi zamonaviy Turkiya davlatining asoschisi Otaturkning tamoyillariga zid. Shuningdek, ular Turkiya o‘z hududida musulmon dinining hukmronligiga qaramay, dunyoviy davlat bo‘lib qolishi kerakligini ta’kidlagan.
Qayd etilishicha, Erdo‘g‘anning tanqidchilariga Taqsim maydonida Otaturk nomidagi madaniyat markazining binosi buzib tashlangani ham yoqmagan.
Ushbu masjidning qurilishi Erdo‘g‘anning din bilan bog‘liq keng rezonans yaratishga qaratilgan birinchi qarori emas. U 2020 yil 10 iyulda Istanbuldagi Ayo Sofiya muzeyiga masjid maqomini berish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan.
Bu Otaturk Ayo Sofiyaga muzey maqomini berishni buyurganidan 86 yil o‘tib sodir bo‘lgan. Turkiya rahbariyatining yangi qarori cherkov rahbarlari va yuqori martabali xorijiy diplomatlarning tanqidiga sabab bo‘lgan.
1997 yilda Turkiya harbiy qo‘mondonligi o‘sha paytda Erdo‘g‘an tarkibiga kirgan hukumatni iste’foga chiqishga majbur qilgan. Buning sabablaridan biri harbiylarning Taqsim maydonida masjid qurish rejalaridan noroziligi bo‘lgan.
LiveBarchasi