Erdo‘g‘an 2016 yilgi qonli voqeani xotirladi
Olam
−
15 iyul 4755 4 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiyada terrorizm bo‘lmasa, u dunyoning eng kuchli mamlakatlaridan biriga aylanishini aytdi. Bu haqda davlat rahbari bugun, 15 iyul kuni mamlakatda davlat to‘ntarishiga urinishning 9 yilligiga bag‘ishlangan parlament yig‘ilishida so‘z ochdi.
Turkiya yetakchisi 2016 yilgi harbiy to‘ntarishga urinish kechasini eslar ekan, o‘sha mash’um tunda uning chaqirig‘iga javoban o‘n minglab fuqarolar ko‘chalarga, maydonlarga chiqqanini, aeroportlarni to‘ldirib, Fathulloh Gulen boshchiligidagi terrorchilik tashkilotining fitnasiga yo‘l bermaganini ta’kidlagan.
“Bu davlatni sevuvchi fuqarolarga cheksiz minnatdorligimni bildiraman. Ular nafaqat demokratiyani, balki butun Turkiyaning kelajagini himoya qildi”, degan Erdo‘g‘an.
Shuningdek, u Turkiyada terrorizm yo‘qolsa, butun mintaqada bu xavf yo‘qolishi haqida gapirdi.
“Men bir daqiqa ham shubha qilmayman – Turkiya kuch markazlaridan biriga aylanadi. Terrorizmsiz Turkiya maqsadga erishsa, bu faqat mamlakat ichida emas, balki butun mintaqada terror xavfini yo‘q qilishga yo‘l ochadi. Ko‘p qutbli dunyoda Anqara munosib o‘rin egallaydi. Men xalqimga to‘liq ishonaman”, deya ta’kidlagan mamlakat Prezidenti.
U 15 iyul kechasi Istanbul, Bursa va boshqa shahar masjidlarida ko‘tarilgan duolar Baku, Qohira, Islomobod, Jakarta, Sarayevo va Mogadishoga qadar bo‘lgan do‘st va birodar yurtlarda aks-sado berganini alohida ta’kidlagan.
“Turkiya demokratiyaci qozongan g‘alabaga bu yurtlar ham quvonch bilan sherik bo‘ldi”, deydi Erdo‘g‘an.
U shuningdek, FETO rahbari Fathulloh Gulen taqdiriga ham urg‘u berib o‘tgan.
“60 ming kilometr narida, vatanidan mahrum holda oxirgi nafasini bergan va chuqurga tashlangan FETO yetakchisi tuzgan tuzoq 15 iyul kechasi xalqimizning tik turishi, jasoratli qarshiligi va qahramonlarcha kurashi bilan butkul yo‘qqa chiqarildi”, deya qo‘shimcha qilgan Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘an, shuningdek, Turkiya Buyuk Millat Majlisi deputatlariga minnatdorlik bildirib, ular xalq bilan birgalikda demokratiyani himoya qilganini e’tirof etgan.
“Shahidlarimizning qahramonligi, g‘oziylarning kurashi behuda ketmadi. Terrorizmsiz Turkiya aynan ana shu qahramonlar fidokorligi mevasidir. Biz terrorizm muammosini bartaraf etganimizdan so‘ng, Turkiya har tomonlama taraqqiy etadi”, degan Prezident.
Qonli 15 iyul voqeasi
2016 yil 15 iyulga o‘tar kechasi Turkiyada harbiy to‘ntarishga urinish sodir bo‘ldi. Bu voqea Turkiya Qurolli kuchlarining ichidagi bir guruh harbiylar tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, ular mamlakatdagi hukumatni ag‘darib, hokimiyatni egallashni maqsad qilgan edi. To‘ntarish ishtirokchilari Anqarada parlament binosini va Istanbulda ko‘priklarni nazoratga olishga urindi, harbiy texnika, tanklar, vertolyotlar, qiruvchi samolyotlar ko‘chalarga chiqarildi. Televizion binolar bosib olindi, TRT davlat kanalida bayonot o‘qildi va harbiy holat joriy qilinayotgani e’lon qilindi.
Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘sha paytda ta’tilda bo‘lganiga qaramay, o‘z xalqiga murojaat qildi va ularni ko‘chalarga chiqib, demokratiyani himoya qilishga chaqirdi. Minglab fuqarolar Prezident chaqirig‘iga javob berib, ko‘chalarga chiqdi, to‘ntarish ishtirokchilarining qarshiligiga qaramay, ularni to‘xtatishga harakat qildi. Xalq, politsiya kuchlari va to‘ntarishga qarshi chiqqan harbiylar birgalikda harakat qilib, isyonni bostirdi.
Bu voqealar oqibatida 251 kishi halok bo‘ldi, 2000 dan ortiq odam yaralandi.
Rasmiylarga ko‘ra, ushbu davlat to‘ntarishiga harakat o‘sha paytda AQSHning Pensilvaniya shtatida istiqomat qilgan Fathulloh Gulen boshchiligidagi FETO terroristik guruhi va uning davlatdagi korchalonlari orqali amalga oshirilgan. Shundan so‘ng, Turkiyada minglab harbiylar, sudyalar, o‘qituvchilar va davlat xizmatchilari hibsga olindi yoki ishdan bo‘shatildi.
Namoyishlarda qurbon bo‘lganlar xotirasiga hurmat o‘laroq Istanbuldagi ko‘prik ular nomi bilan ataldi. Yodgorlik majmuasi o‘rnatildi, 251 nafar halok bo‘lganlarning nomlari abadiyatga muhrlandi. Bugun mamlakatda ushbu kun munosabati bilan xotira tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Fathulloh Gulen esa 2024 yilning 20 oktyabr kuni AQSHning Pensilvaniya shtatidagi shifoxonada, 83 yoshida vafot etdi. Rasmiylar uning vafotiga sabab qilib, yurak yetishmovchiligini ko‘rsatdi. U tez unutilmadi – uning qilgan ishlari Turkiya uchun o‘chmaydigan qon izi bo‘lib qoldi.
Turkiya hukumati bu kunni milliy xotira sifatida belgiladi va har yili 15 iyul mamlakatda “Demokratiya va milliy birlik kuni” sifatida nishonlana boshlandi. Bu sana turk xalqining jasoratini ifodalaydi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr