Erdo‘g‘an hammasini unutmoqchi. Asad-chi?
Tahlil
−
24 Sentabr
7300Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an so‘nggi 10 yillikdagi eng asosiy dushmanlaridan biri Suriya rahbari Bashar Asad bilan uchrashishga tayyor. U 21 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida ishtirok etish uchun AQSHga uchib ketishdan oldin jurnalistlar bilan suhbatda Turkiya va Suriya munosabatlarini normallashtirish uchun Bashar Asad bilan gaplashishni xohlayotganini aytdi. Erdo‘g‘an bu uchrashuv uzoq yillik ziddiyatlar va hukumatlar o‘rtasidagi keskinlikni yumshatish hamda barcha gina-qudratlarga chek qo‘yishda yordam berishiga ishonmoqda. Turkiya Prezidenti Suriyadagi keskin vaziyatga chek qo‘yish vaqti kelganini ta’kidlab, o‘zining Asadga qaratilgan chaqiruviga Damashqdan javob kutayotganini ham aytib o‘tdi. Erdo‘g‘an Asadga bunday taklif bilan birinchi bor chiqayotgani yo‘q. U ortda qolgan 3 yil davomida Turkiya va Suriya munosabatlarini normallashtirish lozimligi haqida Bashar Asadga vaqti-vaqti bilan signallar berib keldi. Endi hamma gap Suriya yetakchisida qolmoqda. Qadam tashlash navbati unda. Ammo “Arab bahori” boshlangandan to bugungi kungacha turk va arab respublikasi o‘rtasida shunchalar ko‘p voqeliklar va o‘ta tarang ziddiyatlar bo‘lib o‘tdiki, bu ayni damda Erdo‘g‘an va Asadning yarashuvini reallik doirasidan tashqariga irg‘itib yubordi. O‘tgan yillar davomida Bashar Asadni hokimiyatdan ag‘darishga urinishlarda Erdo‘g‘anning chuqur izlari borligi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni muzlatdi. Endi esa ko‘p narsa Suriya yetakchisi o‘zini qulatmoqchi bo‘lgan mavqedoshining ishlarini unutishiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Ammo yarashuv faqatgina shu bilan amalga oshib qolmaydi. Bu jarayonda yana bir qancha shartlar va hisob-kitoblar talaygina. Erdo‘g‘anning maqsadlari, Asadning shartlari, yirik o‘yinchilarning omili, xullas talaygina elementlar mavjud. Quyida shu masalalar va Suriya-Turkiya aloqalarining qanday qilib bunday ahvolga kelib qolgani va nega aynan bugun Erdo‘g‘an yarashishni istayotgani va bu osonlikcha amalga oshmasligiga atroflicha to‘xtalamiz.
Dastlabki kelishmovchilik va qisqa yarashuv
Turkiya va Suriya ziddiyati ikki davrga bo‘linadi. Birinchi davr asrning so‘nggi yillarida Suriya hukumatining Turkiya hududiy yaxlitligiga jiddiy zarar beruvchi mamlakatdagi eng yirik etnik ozchilik – kurdlarni qo‘llab-quvvatlagani tufayli boshlangan. Suriyaning Kurdiston ishchi partiyasi terrorchi tashkilotiga xayrixohlik ko‘rsatgani Turkiya hukumatining jiddiy noroziligiga sabab bo‘ldi. Suriya o‘z hududida Kurdiston ishchi partiyasi terror tashkilotiga lagerlar ochishga ruxsat berib, uning rahbariga mamlakat hududida yashash uchun sharoitlar yaratib berdi. Hofiz Asadning bunday qarori esa Turkiya va Suriya o‘rtasidagi hududiy munozara bo‘lib kelgan Hatay viloyati bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli edi. Ikki davlat orasidagi ziddiyat harorati mana shu tarzda yuqorilagandi. Ayirmachi kayfiyatdagi kurdlarning katta qismi uchun bu ayni muddao edi. Tarixan Usmonlilar qo‘l ostida yashagan, ammo jahon urushlaridan keyin Turkiya va bir qator Yaqin Sharq davlatlarida tarqalib ketgan kurdlarning separatistik ruhdagi qatlami 30-35 millionlik millati uchun alohida davlat qurish kabi pafos bilan hayot kechirardi. Turkiyaning janubi-sharqiy hududlari va Suriya bilan chegarada istiqomat qiluvchi 10 milliondan ortiq kurdlarning mavjudligi turk rasmiylarini xuddi bugungi kabi o‘sha kezlarda ham hushyorlikka tortgan. Shunday sharoitda ayirmachi kurd guruhlarining drayveri Abdulla O‘jalanning Damashqda taralla bedod qilib yurishi rasmiy Anqarani jig‘ibiyron qilardi. Bu esa vaqt o‘tishi bilan Turkiyani Suriyaga nisbatan harbiy tahdid bilan qo‘rqitish darajasigacha yetakladi. Turkiya Hofizdan Abdulla O‘jalan boshliq separatistlarni mamlakat hududidan chiqarib yuborishni, aks holda mamlakat hududiga bostirib kirishni jiddiy ohangda ta’kidladi. Dastlab, Suriya bu tahdidga beparvolik bilan qaradi, ammo Turkiya talabiga uning NATOdagi ittifoqchisi AQSH nomining ham qo‘shilishi vaziyatni tubdan o‘zgartirdi. 1998 yil kuzida Suriya Turkiya talablarini bajardi. Abdulla O‘jalan boshchiligidagi terrorchi kuchlar mamlakatdan chiqarib yuborildi. Mazkur jarayon fonida ikki davlat o‘rtasida Adana kelishuvi imzolandi va unga ko‘ra, Suriya Turkiyaning “xavfsizligi va barqarorligiga tahdid soluvchi” har qanday faoliyatga ruxsat bermaslik hamda o‘z hududi orqali kurd separatistlariga moliyaviy yoki moddiy yordam ko‘rsatmaslik majburiyatini oldi. Bundan tashqari, Adana kelishuviga binoan, Suriya Kurdiston ishchi partiyasini “terror tashkiloti” deb tan olishi va uning barcha faoliyatini, shuningdek, unga aloqador har qanday guruhning Suriya hududidagi faoliyatini taqiqlashi, Abdulla O‘jalanning esa mamlakat hududiga qaytishiga ruxsat bermasligi belgilab qo‘yildi. Shunday qilib, ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyat olovi ma’lum darajada so‘ndi. Kelishmovchilik tahdid va bosim bilan amalga oshirilganiga qaramay, o‘ta sovuq munosabatlarning yumshashidagi dastlabki natija uchun yomon emasdi. Oradan 5 yil o‘tar-o‘tmas esa G‘arb koalitsiyasining Iroqdagi g‘ayriinsoniy harbiy jinoyati Suriya va Turkiyani chindan-da hech qanday bosimlarsiz bir-biriga yaqinlashtirdi. AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Daniya va Polsha kabi davlatlarning birlashgan kuchlari 2003 yilda xalqaro huquq normalariga tupurib qo‘ygan holda Iroq hududiga bostirib kirdi. O‘sha paytda bosqinchi kuchlar uchun mintaqa hududida qo‘shimcha portlar va harbiy bazalar kerak edi va AQSH shunday ehtiyoj bilan Turkiyaga yuzlanadi. Ammo Turkiya parlamenti Iroq bilan urush boshlangan taqdirda 60 000 dan ortiq amerikalik askarga turk bazalari va portlarida harakat qilishiga ruxsat berish taklifini qabul qilmaydi. Qoida tariqasida parlamentdagi 533 nafar deputatning yarmidan ko‘pi, ya’ni hech bo‘lmaganda 267 nafari ushbu taklifni yoqlashi lozim edi. Ammo talab qilingan qo‘llov uchun atigi 3 ta ovoz yetmaydi va AQSH so‘rovini 264 ta deputat yoqlashiga qaramay, Turkiya Bosh vaziri Abdulla Gul bu taklifni “rad etilgan” deb e’lon qiladi. Bu paytda AQSH harbiy kemalari dengizda va Turkiyaning Iskenderun portidan uzoqroqda turgan holda turk qonunchilarining javobini kutardi. Yakunda esa ularga rad javobi berildi. Qo‘shma Shtatlarning o‘sha paytdagi prezidenti kichik Jorj Bush tomonidan Turkiyaga Iroqqa bostirib kirishda Anqaraning qo‘llab-quvvatlashini ta’minlash maqsadida 6 milliard dollar miqdoridagi mo‘maygina grant va 20 milliard dollarlik kredit kafolatlarini o‘z ichiga olgan iqtisodiy yordam paketini taklif qilishi ham ish bermadi. Turkiya barcha takliflarni rad qildi. Bu esa Suriya va Turkiyaning ikki tomonlama munosabatlarida burilish nuqtasi bo‘ldi. Turkiyaning Iroq borasidagi irodali qarori Suriya siyosiy elitasi ongida rasmiy Anqaraning mustaqil harakat qila olmasligi haqidagi stereotiplarini yo‘qqa chiqardi. Shunday qilib, ikki davlat o‘zaro aloqalarda juda katta qadamlar bilan oldinga siljishni boshladi. Davlat va hukumat rahbarlarining tashriflari birin-ketin ko‘paydi. 2004 yilda marhum Hofiz Asadning o‘g‘li Bashar Suriya Prezidenti sifatida Turkiyaga o‘zining ilk tashrifini amalga oshirdi. Asad so‘nggi 20 yil ichida Turkiyaga kelgan ilk yuqori darajali Suriya rasmiysi edi. Shu yilning oxirida esa Turkiyaning o‘sha paytdagi bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘an savdo shartnomasi imzolash uchun Damashqqa yo‘l oldi. Aloqalar shu tarzda o‘zining yuqori nuqtasiga chiqib borardi. 2008 yilda Turkiya, Suriya va Isroil o‘rtasidagi kelishmovchilikka sabab bo‘lgan Golan tepaliklari masalasini hal qilish uchun vositachilikka taklif qilindi. Ikki o‘rtadagi munosabatlar hatto harbiy sohaga ham ko‘chishga muvaffaq bo‘ldi. 2009 yil davlatlar o‘zaro chegaralari bo‘ylab quruqlikdagi qo‘shinlar ishtirokida uch kunlik harbiy manyovr o‘tkazdi. Shu taxlit Turkiya va Suriyaning uzoq yillik ziddiyatlari yuvildi. 1998 yilda urush yoqasiga kelib qolgan bu ikki davlat endilikda ko‘p masalalarda juda yaqin jipslik namoyish qilishni boshlagandi. Ularning 2004 yildan 2010-11 yillargacha bo‘lgan 6-7 yillik iliq munosabatlari havas qilarli darajaga chiqdi. Ammo……….
“Arab bahori” va Asadni qulatish rejasi
2010 yil dekabr oyida Tunisda boshlangan poraxo‘rlik va korrupsiyaga qarshi namoyishlar 2011 yilda butun Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi arab davlatlariga yoppasiga yoyildi. Tarixga “Arab bahori” nomi bilan kirgan mazkur jarayon hududlarda kelgusida boshlanajak qonli fuqarolar urushi uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Ko‘p o‘tmay Suriya ham ana shunday birodarlar urushi girdobida qoldi. Oliy hokimiyat va muxolif kuchlar o‘rtasida ayovsiz qirg‘inlar boshlandi. Ikki o‘rtada esa tinch aholi azob-uqubat iskanjasiga g‘arq bo‘ldi. Oddiy xalq ezg‘ilangan ko‘p sonli urushlardan biri 2011 yil iyun oyida Turkiya bilan chegarada joylashgan Idlibdagi Jisr ash-Shug‘ur shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu voqea Suriyaning dunyoda tutgan o‘rni va siyosiy imijining keyingi taqdirini belgilab berdi. Poytaxt Damashqdan 330 km, Turkiya bilan chegaradan esa 20 km uzoqlikda joylashgan Jisr ash-Shug‘ur shahrida o‘sha paytda 50 ming aholi yarashardi. 6 iyun kuni shaharda 120 askar va politsiyasi namoyishchilar tomonidan yo‘q qilingani haqida xabarlar tarqaladi. Suriya xavfsizlik kuchlari 9 iyun kuni shaharga yetib kelib, 12 iyun kuni erta tongda 200 ga yaqin harbiy texnika, jumladan, tanklar va vertolyotlardan foydalangan holda hududda operatsiya boshlaydi. Bu hol butun dunyoda Asadning o‘z xalqiga qurol ko‘targan qotil rahbar sifatida gavdalanishiga olib keldi. Ammo Suriya davlat matbuotiga ko‘ra, o‘sha paytda “Jisr ash-Shug‘ur yaqinida va shahar ichida hukumat armiyasi o‘z o‘rnini egallab, harbiy harakatlar boshlagan paytda shahar deyarli bo‘sh bo‘lgan. Yaqin atrofdagi aholiga shahar o‘qqa tutilgani xabar qilingan bo‘lsa-da, armiya generali qo‘shinlar faqat o‘z safdoshlarining o‘limiga sababchi bo‘lganlarni topishga harakat qilishayotganini va shaharni o‘qqa tutmaganini aytgan”. Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra ham shaharda tinch aholi qolmagan. O‘sha paytda Suriya armiyasining polkovnigi Husayn Harmus shahar ichidan turib Al-Arabiya telekanaliga “ayni damda Jisr ash-Shug‘ur shahri tinch aholi tomonidan butunlay tashlab ketilgan, biz bu yerda yagonamiz”, degan. Ammo mahalliy aholi jurnalistlarga politsiyaning o‘ldirilishi, Asadning maxsus xizmatlari tomonidan namoyishchilarga qarshi “javob terrori” uyushtirish uchun atayin amalga oshirilganini ma’lum qilgan. Bir qancha jonli guvohlarning Al Jazeera’ga bergan ma’lumotlariga ko‘ra esa, mazkur qirg‘in hukumat qo‘shinlari va politsiyaning bir qismi qo‘zg‘olon ko‘tarib, mahalliy aholiga qo‘shilgan holda hokimiyatga qarshi harakat qilgani uchun boshlangan. Xullas, nima bo‘lgan taqdirda bu voqea yuzasidan hamisha ikki xil qarash bir-birini inkor qilaveradi. Suriya rasmiy doiralari mamlakat qurolli kuchlarining operatsiyasi terrorchi guruhlarga qarshi qaratilganini tinmay takrorlasa, Suriya muxolifati va dunyoning aksar qismi buni tinch namoyishchilarga qarshi repressiya deb ataydi. Shunday qilib, ushbu voqealar fonida shahardagi tinch aholi turli tomonlarga tarqab ketadi. 4000 dan ortiq suriyalik Jisr ash-Shug‘urdan atigi 20 km uzoqlikda joylashgan Turkiya bilan chegara tomon yo‘l oladi va ular uchun Turkiya hukumati tomonidan bir nechta lagerlar tashkil qilinadi. O‘sha paytdagi Turkiyaning bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘an Bashar Asad “o‘z xalqiga qarshi vahshiylik qilyapti”, deya ta’kidlaydi. Turkiya Asadning bu ishini o‘z xalqiga uyushtirgan qirg‘in sifatida baholaydi va aynan shu lahzadan ortda qolgan yillar davomida ikki davlat o‘rtasida endigina tiklangan iliq munosabat iplari uziladi. 2011 yilning iyun oyidagi janglardan so‘ng, avgust oyiga kelib Turkiya Suriyaga nisbatan mutlaq zid pozitsiyani egallay boshladi. Hatto o‘sha kezlardagi tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto‘g‘li Suriyaga borib, turk siyosiy elitasi Bashar Asad hukumatining “vahshiyligi”ga sabrsiz bo‘lib borayotgani haqidagi xabarni yetkazadi. Bundan tashqari, Ahmet Dovuto‘g‘li Turkiya va Suriya o‘rtasidagi barcha kelishuvlar, shu jumladan savdo shartnomalari butunlay to‘xtatilganini aytdi. Ammo bu ikki davlat o‘rtasidagi keskinlikning boshlanishi edi, xolos. Bundan keyin Suriya tomonidan sodir etilgan keskin harakatlar ziddiyat oloviga kerosin sepishda davom etdi. Jumladan, noyabr oyida turkiyalik ziyoratchilar Saudiya Arabistonidan qaytayotganda ular o‘tirgan ikki avtobus Suriya askarlari tomonidan o‘qqa tutildi. Suriya askarlari yo‘lovchilar turklar ekanini bilishgach, ularga hujumga o‘tgan. Hujumda ikki kishi jarohatlanadi. Keyingi yil Suriya kuchlari chegarada otishmalar uyushtirdi va bu ikki kishining o‘limi hamda ko‘plab odamlarning jarohatlanishiga sabab bo‘ldi. 2012 yil 22 iyunida Suriya harbiylari Turkiya samolyoti Suriya havo hududini buzganini da’vo qilib, chegara yaqinida Turkiya harbiy havo kuchlarining razvedka samolyotini urib tushirdi. Asad rejimining aynan shu ishi Turkiyaning sabr-kosasini to‘ldirdi. Pichoq kelib suyakka urilgandi, o‘shanda. Rasmiy Anqara harbiy uchoqlarning qo‘shni davlat havo hududining kichik qismini buzib kirishi normal holat deya ta’kidlaydi. Turkiyaning o‘sha paytdagi prezidenti Abdulloh Gul bunday ish kechirilmasligi va bunga qarshi nima qilish kerak bo‘lsa, shubhasiz amalga oshirilishini e’lon qiladi. Turkiya bu safar o‘z nishonini aniq belgilab oladi. Turk boshqaruvchilari Asad rejimini tugatish va uni hokimiyatdan ag‘darishga qat’iy bel bog‘laydi. Ular buni amalga oshirish uchun hatto AQSH bilan hamkorlik qilishga ham tayyor edi. Tez orada shunday ham bo‘ldi. Turkiya AQSH bilan birgalikda Suriya hukumatini almashtirish bo‘yicha jiddiy harakatlarni boshlaydi. Turkiyaga nisbatan qilingan provokatsion harakatlar ortidan Turkiya parlamenti transchegaraviy operatsiyalarni tasdiqladi. Turkiyani Bosh vazir sifatida idora qilgan Erdo‘g‘an 2012 yilning oxirlariga kelib Turkiya urush bo‘sag‘asida ekanligini ommaga ma’lum qildi. Ammo bu so‘zlardan keyin ham turk qo‘shinlari Suriya rejimiga qarshi ochiqdan ochiq urush boshlamadi. Ular dastlab Moskvadan Damashqqa uchayotgan reys bo‘yicha o‘z havo hududida tutib olib, Anqara aeroportiga majburan qo‘ndiradi. Inspektorlar harbiy aloqa vositalari va raketa qismlari deb hisoblangan buyumlarni musodara qildi. Suriya esa Turkiyaning bu harakatini “havo qaroqchiligi” deb atab, Turkiyaning fuqarolik parvozlarini o‘z havo hududidan o‘tishini taqiqlaydi. Oradan ikki hafta o‘tar-o‘tmas Suriyadan uchirilgan snaryadlar chegaradagi Hatay viloyatida joylashgan sog‘liqni saqlash markaziga kelib tushadi. 2013 yilda esa xuddi shu Hatay viloyatida Turkiya hududidagi eng halokatli terrorchilik harakati sodir bo‘ldi. Reyhanli shahrida mashinalarning portlashi oqibatida 53 kishi halok bo‘ldi va 140 dan ortiq odam jarohatlangandi. Ushbu terrorchilik aktiga aloqador 30 ga yaqin shaxs qo‘lga olinib, ularning ortidagi asosiy gumonlanuvchi Asad rejimi edi.
Turkiyaning Suriyaga kirishi
Kichik miqyosdagi harbiy provokatsiyalarga ko‘z yumib kelgan Turkiya 2016 yilda Suriya masalasida jiddiy qaror qabul qildi. Shu yilning avgust oyida turk Qurolli kuchlari Suriya shimolida “Firat qalqoni” deb nomlanuvchi quruqlikdagi operatsiyani boshladi. Operatsiyadan esa asosan uch maqsad ko‘zlanib, bular fuqarolik urushlaridan so‘ng bo‘y ko‘rsatgan va ancha faollashgan ISHIDga qarshi kurashuvchilarni qo‘llash, Kurdiston ishchi partiyasining terrorchi klanlarini yo‘q qilish va Asad rejimini ma’lum ma’noda tiyib qo‘yish edi. Boshlangan maxsus operatsiya davomida Turkiya Idlib shimolidagi Afrin va Kobani o‘rtasidagi hududlarni egallab oldi. Bu orada Turkiya 2011 yil fuqarolik urushlari fonida tuzilgan Asadga muxolif guruh Suriya ozodlik armiyasi bilan yaqin aloqalar o‘rnatdi. Sentyabr oyiga kelib rasmiy Anqara Jarablus va Aziz o‘rtasidagi hudud ISHIDdan tortib olingani o‘zi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Suriya ozod armiyasi nazorati ostida ekanini e’lon qildi. Turk qo‘shinlari bu bilan cheklanib qolmadi va Suriya shimolining bir qismini ishg‘ol qila boshladi. 2017 yil mart oyida Turkiya Suriya shimolidagi “Firat qalqoni” operatsiyasini muvaffaqiyatli yakunladi. Ammo uning quruqlikdagi qo‘shinlari “Firat qalqoni” operatsiyasi davomida qo‘lga kiritilgan hududdan chiqib ketmadi va u yerda xavfsizlikni ta’minlashda davom etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, turk harbiylari Asadga qarshi bo‘lgan mahalliy isyonchi guruhlar va politsiya kuchlarini qo‘llab, Suriya mahalliy ma’muriy kengashlariga ta’sir o‘tkazgan holda, hududga yo‘naltiriladigan gumanitar yordam ustidan nazoratni amalga oshirishni boshlaydi. 2017 yil oxiri va 2018 yil boshida Turkiya Suriyadagi xalqaro va ichki qurolli mojarolardagi ishtirokini yanada kuchaytirdi. 2017 yil oktyabr oyida rasmiy Anqara nihoyat Rossiya va Eron bilan kelishilgan deeskalatsiya zonasi doirasida Suriya shimolidagi Idlib viloyatida o‘z qo‘shinlarini joylashtirdi. Turkiya Suriya shimolidagi shaharchalar ustidan katta hajmdagi nazoratni qo‘lga kiritdi va u yerda bir qator gumanitar loyihalarga bosh-qosh bo‘ldi. Jumladan, Afrinda salomatlik markazi ochdi va bosib olingan hududlarda xavfsizlikni ta’minlash uchun “Suriya Task Forcye” deb nomlangan politsiya kuchini tashkil qildi. Suriya shimoli-g‘arbidagi hududlarda maktablar va kasalxonalarni qayta qurishni boshladi. Turkiyaning Suriyadagi harakatlari bular bilan ham cheklanib qolmadi. 2019 yilning oktyabrida mintaqadagi yana bir asosiy va eng yirik o‘yinchi AQSH qo‘shinlarining Suriya shimolidan chiqa boshlashi Turkiya uchun keyingi maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar ochib berdi. 2019 yil 9 oktyabr kuni Turkiya Suriya shimolidagi kurd qo‘shinlarini supurib tashlash va Suriyaning Turkiya bilan chegarasida xavfsiz hudud yaratishga qaratilgan “Tinchlik bulog‘i” operatsiyasini boshladi. Amaliyot natijasida Suriya va Turkiya o‘rtasidagi chegara bo‘ylab 30 km uzunlikdagi xavfsiz hudud yaratildi. Oradan bir hafta o‘tib Qo‘shma Shtatlar va Turkiya o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvga erishdi va bunga binoan, AQSH uzoq vaqtdan buyon qo‘llab kelgan kurd ayirmachilariga Anqara o‘rnatmoqchi bo‘lgan xavfsiz hududdan chiqib ketishlari uchun besh kun muhlat berildi. Shu bilan mojaro ancha tin oldi va kurd jangarilari kelishilgandek 5 kun ichida hududdan chiqib ketdi. Kurdlar masalasini ma’lum darajada hal qilgandan so‘ng Erdo‘g‘anning Asad bilan hisob-kitob daftari qayta ochildi. 2020 yil dekabr oyida Suriya Idlib viloyatining bir qismini Turkiyadan qaytarib olishga harakat qildi. Bu qarama-qarshiliklar Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Suriya qo‘shinlari va Turkiya o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvlarga olib keldi. Ushbu jangovar harakatlarni tugatish uchun 2020 yil mart oyida Rossiya va Turkiya o‘rtasida Suriya ishtirokisiz o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Ba’zi qoidabuzarliklarga qaramay, o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv hamon kuchda va o‘shandan beri vaziyat sezilarli darajada tinchroq holga keldi.
Erdo‘g‘an Asadga tushadigan kalitni topa oladimi?
Erdo‘g‘an Bashar Asadni qulata olmadi. Bu Turkiya boshqaruvi tepasidagi o‘ta kuchli xarizmatik liderning tashqi siyosatdagi kam sonli muvaffaqiyatsizliklaridan biri bo‘ldi. Ammo Erdo‘g‘anning Suriyadagi ko‘p tarmoqli missiyasi umumiy ma’noda qoniqarli bahoga loyiq. U Turkiya chegarasida so‘nggi yillarda anchagina qalashib qolgan kurd ayirmachilarini tiyib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi va bu hali ham davom etib kelmoqda. Bundan tashqari, Suriyaning o‘zi bilan chegaradagi hududlarini ISHIDdan tozalashga erishdi. Shu va boshqa maqsadlarga ma’lum ma’noda yetishgan Erdo‘g‘an uchun endi Asad bilan yoqalashishdan ma’no yo‘q. Aksincha, bugungi sharoitda hatto u bilan yaqinlashish va yarashishi lozim. Sababi ortda qolgan yillar ichida siyosiy beqarorlik tufayli Suriyadan millionlab qochqinlar Turkiya tomon yo‘l oldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bugun Turkiyada 3 million 200 ming suriyalik qochqin istiqomat qiladi. Turkiya hukumati shu kungacha ular ichidan 238 ming nafariga fuqarolik taqdim qilgan. Ammo so‘nggi yillarda Turkiya boshdan kechirayotgan chuqur iqtisodiy tushkunlik, juda yuqori inflyatsiya va narx-navoning oshishi kabi og‘riqli muammolar fonida 3 milliondan ortiq suriyalik qochqinlarga sarflangan va sarflanib kelayotgan mablag‘lar kun tartibiga chiqmay qolmaydi. Bu omil bugun Erdo‘g‘anga qarshi muxolifat uchun ichki siyosiy kurashlardagi eng muhim quroliga ham aylanib ulgurdi. Joriy yil yozda suriyalik qochqin tomonidan 5 yoshli qizaloqning zo‘rlanishi va buning ortida xalqning jiddiy noroziligi hamda muxolifatning zudlik bilan jonlangani mazkur muammo o‘ta jiddiy ekanini ochib berdi. Shunday sharoitda qochqinlarni mamlakat hududida uzoq ushlab turish Erdo‘g‘an ustidagi bosim yukini og‘irlashtirmoqda. Katta ehtimol bilan Turkiya Prezidenti tezroq va eng yaqin muddatlarda Asad bilan muzokaralarni qayta boshlash va Suriyadagi Turkiya nazorati ostidagi hududlarga, jumladan jangarilardan tozalangan xavfsiz zonalarga qochqinlarni qaytarishdan manfaatdor. Uning Suriyada amalga oshirgan so‘nggi ishlari ham aynan shuning uchun edi. Suriyaliklarni o‘z vataniga qaytarish bir qarashda oson ishdek tuyulishi mumkin, ammo bu yerda Erdo‘g‘an oldidagi eng katta to‘siq Bashar Asaddir. U bilan muzokara boshlashga xalal berayotgan muammo esa bugun Suriyada turk qo‘shinlarining mavjudligidir. Asad Suriyaning qator hududlarida Turkiya ishg‘oli ostida qolar ekan, muzokaralar haqida gap-so‘z bo‘lmasligi haqida bir necha bor signallar berib keldi. Uning shartlari aniq. Xususan, 2021 yil ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirlari Qo‘shilmaslik harakati sammitida uchrashdi. Shu paytdan boshlab Turkiya rasmiylari Suriya hukumati va muxolifatini kelishishga chaqira boshladi. Ma’lum muddat o‘tib esa Turkiya matbuoti Suriya hukumati diplomatik munosabatlarni tiklash uchun qo‘ygan shartlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, Turkiya Idlib ustidan nazoratini Suriyaga qaytarishi, isyonchilarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi va Suriya suverenitetini hurmat qilishi lozim edi. Bundan tashqari, bir qancha muhim koridorlarning nazorati Damashqqa o‘tishi hamda Turkiya AQSH va Yevropa ittifoqi tomonidan Suriyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni yumshatishga yordam berishi ham talab qilinadi. Asadning shartlari judayam bo‘rttirib yuborilgani ochiq-oydin ko‘rinib turardi. Bu orada ikki o‘rtada yaqinlashuvga intilish qisqa muddatga to‘xtab qolganday ko‘rindi. 2022 yilning noyabr oyida Turkiya Suriyadagi kurd jangarilariga qarshi “Tanja-qilich” deb nomlangan yangi operatsiyani boshladi va Erdo‘g‘an Asad bilan muzokara olib borishga chaqiriqlar qilishda davom etdi. 2023 yilning yanvarida va yana mart oyida Prezident Asad Prezident Erdo‘g‘an bilan har qanday uchrashuv faqat “Turkiyaning “noqonuniy ishg‘ol”i tugagachgina sodir bo‘lishini aytdi. Biroq mana oxirgi 3 yildirki, ishg‘ol sharoitida bo‘lsa ham Erdo‘g‘an Asadni muzokara stoliga o‘tkazish yo‘llarini izlashdan to‘xtamayapti. Chunki Turkiyadagi qochqinlar masalasi borgan sari taranglashmoqda. Voqealar rivoji esa ikki rahbarning uchrashuvi tez orada bo‘lishiga ishora qilyapti. Chunki so‘nggi oylarda Bashar Asad o‘zining havoyi shartlarining katta qismidan voz kechgani haqida xabarlar tarqaldi. Shunday sharoitda esa joriy yil yozda Asad va Erdo‘g‘anning ehtimoliy uchrashuvi haqida ma’lumotlar paydo bo‘la boshladi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Suriya Prezidenti Bashar Asad o‘rtasidagi uchrashuv avgust oyida chegara nazorat punktida bo‘lib o‘tishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. 24 iyul kuni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Erdo‘g‘an va Asad o‘rtasidagi uchrashuvni tashkil qilish ustida ish olib borayotganini aytgandi. “Hürriyet” gazetasi manbalarga tayanib, bu uchrashuv avgust oyida Bag‘dodda o‘tkazilishi kutilayotgani haqida xabar bergandi. Ammo boshqa ommaviy axborot vositalari muzokaralar Moskvada bo‘lishi mumkinligini yozdi. Biroq avgustda hech qanday hodisa ro‘y bermadi. Biroq Turkiyadagi ichki muammolar taranglashar ekan, Suriyaga esa o‘z qo‘shnisi va mintaqada amaldagi qudrat bo‘lgan rasmiy Anqara bilan 2000 yillardagi kabi yaxshi munosabatlar kerak bo‘lsa, bu uchrashuv, albatta, sodir bo‘ladi. Erdo‘g‘an va Asad boshqa qator muammolardan tashqari, hech bo‘lmaganda borgan sari quturib borayotgan bosqinchi Isroilning Shom yurtiga ehtimoliy tajovuzini oldini olish maqsadida ham uchrashishi lozim. Bugun bu juda muhim.
LiveBarchasi