Turkiya mamlakatda maymunchechak aniqlanganini rad etdi
Salomatlik
−
15 Sentabr
2115Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligining Istanbul boshqarmasi joriy yilning 11 sentyabr kuni Beyo‘g‘lu tumanida chet el fuqarosida maymunchechak virusi qayd etilgani borasida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarni rad etdi. Bu haqda boshqarmaning X sahifasida yozib qoldirilgan.
“Ushbu shaxs sog‘liqni saqlash protokollariga muvofiq zaruriy tekshiruvlar va tibbiy ko‘riklar o‘tkazish uchun shifoxonaga yotqizildi. O‘tkazilgan zarur tekshiruv va tahlillar natijasida unda maymunchechak kasalligi yo‘qligi aniqlandi”, deyilgan boshqarma bayonotida.
Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan norasmiy manbalardan olingan xabarlarga ishonmaslikni so‘ragan. Bayonotda aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklarga qarshi kurash borasida mamlakat zarur resurslarga ega ekani bildirilgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning avgust oyida Shvetsiya hukumati mamlakatda maymunchechak kasalligi (M-pox) qayd etilganini ma’lum qilgandi. 2023 yil oxirida yangi epidemiya boshlanganidan beri bu virus Afrikadan tashqarida birinchi marta aynan ushbu mamlakatda aniqlangan. Rasmiylarning tushuntirishicha, bemor kasallikni Afrikaga safari paytida yuqtirgan. Shuningdek, Pokistonda ham ushbu virus bilan kasallanganlar aniqlandi. JSST esa maymunchechak virusi sababli global favqulodda holat e’lon qildi. Shu paytgacha qator davlatlarda, jumladan Filippin, Taylandda ham ushbu kasallik qayd etilgan. Epidemiolog, Rossiya ta’lim akademiyasi prezidenti o‘rinbosari Gennadiy Onishenkoga ko‘ra, maymunchechak virusi kasallanishlar soni ortib borishi tufayli mutatsiyaga uchrashi mumkin.
Maymunchechak kam uchraydigan virusli kasallik bo‘lib, isitma, intoksikatsiya, shishgan limfa tugunlari va yaraga aylanib ketadigan toshma alomatlari bilan ma’lum. Virus kemiruvchilar va primatlar kabi yovvoyi hayvonlardan, shuningdek, odamdan-odamga ham yuqishi mumkin. Yengil holatlarda kasallik 2-3 hafta ichida o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i O‘zbekistonda maymunchechak virusiga qarshi qanday choralar ko‘rilayotgani haqida ma’lumot bergandi.
LiveBarchasi