Suriya Livanga yordam berish uchun shifoxonalarni 24 soatlik rejimga o‘tkazmoqda
Olam
−
24 Sentabr
2219Suriyadagi favqulodda xizmatlar va tibbiyot muassasalari Livandan kelayotgan fuqarolarga yordam ko‘rsatish uchun 24 soatlik shay holatga keltirildi. Bu haqda Suriya Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
“Livan bilan chegaradosh viloyatlardagi Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli barcha shifoxonalarda har qanday yordam ko‘rsatish uchun tunu-kun tayyorgarlikni oshirish to‘g‘risida buyruq bor”, deyiladi xabarda.
Aytilishicha, yaradorlarni evakuatsiya qilish uchun chegara postlariga tez yordam mashinalari, kecha-yu kunduz navbatchilik qiluvchi ixtisoslashgan shifokorlar yuborilgan. Isroilning davom etayotgan zarbalari fonida Suriyaga 5 mingga yaqin livanlik kelgan, yana 2 mingga yaqin kishi kirish tartib-qoidalari tugashini kutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iroq Bosh vaziri va Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Muhammad as-Sudaniy Livanda yuzaga kelgan og‘ir vaziyat munosabati bilan mamlakatga kelgan livanliklarga bepul kirish vizalarini berishni buyurgan edi.