Erdo‘g‘an HAMAS yetakchisi bilan uchrashdi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 20 aprel kuni Istanbulda HAMAS harakati Siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniyani qabul qildi. Bu haqda TRT Haber telekanali xabar berdi.

“Matbuot uchun yopiq eshiklar ortida o‘tgan uchrashuvda G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish, Isroil bilan garovga olinganlarni almashish va Falastin anklaviga gumanitar yordam yetkazish masalalari muhokama qilindi”, deb ta’kidladi telekanal.

Ma’lumot uchun, HAMAS rahbari bundan oldin Turkiyaga bir necha bor tashrif buyurgan va Erdo‘g‘an bilan uchrashgan. Erdo‘g‘an 17 aprel kuni parlamentda so‘zlagan nutqida, HAMASni terrorchi tashkilot deb hisoblamasligini yana bir bor ta’kidlagandi. Shuningdek, u harakatni 1923 yilda Turkiya Respublikasining e’lon qilinishiga olib kelgan milliy ozodlik urushi davrida, 1918-1922 yillarda, Anadoluda faoliyat yuritgan Kuvayi Milliye ko‘ngilli kuchlariga qiyoslagandi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Erdo‘g‘an Ismoil Xoniyaga o‘g‘illari va nevaralarining halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirgandi. Bugun, 20 aprel kuni Amerikaning “The Wall Street Journal” nashri HAMAS harakatining siyosiy rahbariyati Qatardan boshqa davlatga ko‘chib o‘tmoqchi ekani haqida xabar berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an HAMAS Ismoil Xoniya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing