Epshteynga qizlarni topib berganlikda gumonlangan agent o‘lik holda topildi
Olam
−
23 iyul 5189 2 daqiqa
Amerikalik moliyachi va jinsiy jinoyatlarda ayblangan Jeffri Epshteyn uchun yosh ayollarni topib berganlikda gumon qilingan modellar agenti Daniyel Siad Fransiyadagi uyida o‘lik holda topildi. Bu haqda “France 24” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 69 yoshli Shvetsiya fuqarosi Daniyel Siadning jasadi joriy yilning 20 iyul kuni Fransiyaning Kolomb shahridagi uyidan topilgan. Hozircha uning o‘limi sabablari noma’lum bo‘lib, holat yuzasidan tergov boshlangan.
AQSH Adliya vazirligi e’lon qilgan Epshteyn hujjatlarida Siadning ismi 2 090 marta tilga olingan. Tergov materiallariga ko‘ra, u Fransiyada Jeffri Epshteyn uchun yosh ayollarni topib berganlikda gumon qilingan.
2026 yil may oyida BFMTV’ga bergan intervyusida Daniyel Siad Jeffri Epshteynni tanishini va unga yosh ayollarni tanishtirganini inkor etmagan. Biroq u buni faqat professional faoliyati bilan bog‘lab, Epshteynning shaxsiy hayoti haqida hech narsa bilmasligini ta’kidlagan.
Avvalroq e’lon qilingan hujjatlarda Samarqandda tug‘ilgan o‘zbekistonlik ayolning ham Epshteyn bilan yozishmalari va aloqalari qayd etilgani ma’lum bo‘lgandi. Hujjatlarda u Epshteyndan moddiy yordam olgani va uning ayrim tanishlari bilan uchrashuvlarga tayyorlangani qayd etilgan.
Siadga nisbatan besh nafar ayol zo‘rlash va jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha shikoyat qilgan. U esa barcha ayblovlarni rad etib, umri davomida hech kimni zo‘rlamaganini bildirgan. Advokatining aytishicha, Daniyel Siad bir necha bor tergov organlaridan o‘zini so‘roq qilishni so‘ragan, biroq u shu paytgacha biror marta ham rasmiy ravishda so‘roq qilinmagan.
Advokat Menya Arab-Tigrinning aytishicha, sud-tibbiy ekspertiza xulosasi e’lon qilinmaguncha Daniyel Siadning o‘limi sabablari haqida xulosa qilishga shoshilmaslik kerak. Shuningdek, u mijoziga nisbatan hech qachon rasmiy ayblov e’lon qilinmaganini va uning aybsizligini doimo ta’kidlab kelganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Amerikalik moliyachi Jeffri Epshteyn 2019 yil avgust oyida Nyu-Yorkdagi qamoqxonada o‘lik holda topilgan. Joriy yil boshida AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishiga oid minglab sahifalik yangi hujjatlarni e’lon qilgandi. Shuningdek, Epshteynning huquqiy vorisi va uning ikki hamkori qariyb 40 nafar jabrlanuvchiga 35 million dollargacha kompensatsiya to‘lashga kelishib olgan edi.
Live
Barchasi