Epshteyn Ka’bapo‘shni gilam qilganmi?
Olam
−
11 fevral 4040 3 daqiqa
Joriy yil yanvar oyining oxirgi kunlarida AQSH Adliya vazirligi (DOJ) Jeffri Epshteyn – sudlangan jinsiy jinoyatchi va dunyoning eng “qudratli” shaxslari bilan aloqalari bo‘lgan shaxs – bo‘yicha tergov materiallariga oid 3 milliondan ortiq sahifani, jumladan, minglab video va tasvirlarni oshkor qildi. Ularda muqaddas Ka’baning yopinchig‘iga oid ma’lumotlar ham bor.
AQSH Adliya vazirligi hujjatlariga ko‘ra, muqaddas Ka’baning yopinchig‘i fragmentlari Saudiya Arabistonidan Jeffri Epshteynga yuborilgan va ularning diniy ahamiyati elektron xatlarda aniq tushuntirilgan. Xatlar va yetkazib berish hujjatlarida jarayonda ishtirok etgan shaxslarning nomi keltirilgan. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklarida yashovchi saudiyalik Aziza al-Ahmadiy 2017 yil 22 mart kuni yozgan xatida Ka’bapo‘shning ahamiyatini izohlab, shunday degan:
“Ayni paytda ushbu qora fragmentga kamida 10 million musulmon qo‘l tekkizgan... Ular Ka’bani yetti marta aylanishadi va har biri unga qo‘l tekkizishga, duo, orzu, ko‘z yosh va umidlarini unga bag‘ishlashga intiladi”.
Qabul qiluvchi Jeffri Epshteyn bo‘lgan, jo‘natma unga Sent-Tomas orolidagi uyiga LSJE LLC kompaniyasi orqali yetkazilgan. Epshteyn xodimi Dafna Uolles masalani muvofiqlashtirgan. Saudiya tomonidan muvofiqlashtirish uchun Abdulla al-Maari mas’ul bo‘lgan. Chalmer Stauffer esa logistika, bojxona rasmiylashtiruvi va tashish ishlari bilan shug‘ullangan. Internetda tarqalgan Adliya vazirligi ro‘yxat raqamlarida (EFTA00571214 va boshqalar) ko‘rsatilishicha, Ka’bapo‘sh fragmentlari 2017 yil mart oyida Sent-Tomasga yetkazilgan. Hujjatlarda hisob-fakturalar keltirilgan bo‘lib, ularda “KISWA – INNER” va “KISWA – OUTER” deb to‘g‘ridan to‘g‘ri yozilgan, jami qiymati 10 980 dollar bo‘lgan uchta ramkaga solingan sof ipak va oltin ipli buyum sifatida qayd etilgan. Ka’ba yopinchig‘i fragmentlari Epshteyn tomonidan uyi uchun gilam sifatida sotib olingani aytilmoqda.
Epshteyn ishida tilga olingan Raafat as-Sabbax va Aziza al-Ahmadiy kim?
Raafat as-Sabbax – Saudiya Arabistoni Podshohlik devonida maslahatchi lavozimida ishlovchi yuqori martabali amaldor bo‘lib, 2016 yil may oyida tayinlangan va hozirga qadar shu lavozimda faoliyat yuritmoqda. Aziza al-Ahmadiy – Dubayda joylashgan MENA mintaqasi va undan tashqari uchun “yuqori sifatli, madaniy ahamiyatga ega” mobil o‘yinlar yaratishga ixtisoslashgan Boss Bunny Games studiyasining bosh direktori. Ilgari u Zain KSA kompaniyasida ishlab, telekommunikatsiya sohasidagi ilk “GRI barqarorlik hisoboti”ni e’lon qilgan. Shuningdek, u Saudiya Arabistonida Madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari maslahatchisi sifatida ham tilga olinadi.
Xatlarda yopinchiqning uch fragmenti haqida so‘z boradi: biri Ka’baning ichki qismidan, ikkinchisi tashqi yopinchiqdan, uchinchisi esa Ka’ba uchun tayyorlangan, ammo yopishda ishlatilmagan materialdan. Ishlatilmagan fragment “san’at asari” sifatida jo‘natilgan. Yuk 2017 yil mart oyida Epshteynning uyiga yetkazilgan.
Epshteynning islom va islomiy atributikaga qiziqish bildirgani qiziq holat sifatida qayd etilmoqda. Yangi e’lon qilingan fayllardagi suratlardan birida Jeffri Epshteyn va BAAning taniqli tadbirkori Saudiya Arabistonining Makka shahridagi muqaddas matoga o‘xshash buyumni polga yoyilgan holda ko‘zdan kechirayotgani aks etgan.
AQSH Adliya vazirligi tomonidan oshkor qilingan elektron xatlarga ko‘ra, Epshteyn suratda DP World kompaniyasi bosh direktori Sulton Ahmad bin Sulaym bilan birga tasvirlangan. Ikkisi ham zinapoya pog‘onalari pastida qo‘llarini cho‘ntakka solgan holda turibdi va Islom dinining eng muqaddas joyi markazidagi Ka’bani qoplab turadigan qora, oltin iplar bilan bezatilgan yopinchiqqa juda o‘xshash buyumga qaramoqda. Lekin uning aynan Ka’bapo‘sh ekanini tasdiqlovchi fakt mavjud emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi bo‘yicha eng yirik hujjatlar arxivini e’lon qilgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu fayllarga 3 million sahifa matn, 180 mingta fotosurat va 2 mingta videoyozuv kiritilgan. Xususan, Epshteyn arxivida Endryuning yerda yotgan ayol ustida tiz cho‘kib turgan suratlari ham topilgan. Ular qachon va qayerda olingani noma’lum.