Epshteyn ishi: Norvegiyada sobiq bosh vazirga nisbatan tergov boshlandi
Olam
−
14:08 3035 2 daqiqa
Norvegiyada sobiq bosh vazir, Norvegiya Nobel qo‘mitasining sobiq raisi hamda Yevropa Kengashining sobiq bosh kotibi Turbyorn Yaglandga nisbatan korrupsiya gumoni bilan tergov boshlandi. Bu haqda Norvegiyaning iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash bo‘linmasi (Oekokrim) ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Yaglandga nisbatan tergov boshlash qarori yaqinda maxfiylikdan chiqarilgan, Jeffri Epshteyn bilan bog‘liq hujjatlarda keltirilgan ma’lumotlarga asoslanadi.
“E’lon qilingan hujjatlar qamrab olgan davrda u Nobel qo‘mitasi raisi va Yevropa Kengashi bosh kotibi lavozimlarida ishlaganini inobatga olib, tergov o‘tkazish uchun asosli sabablar bor, deb hisoblaymiz”, deyiladi bayonotda.
Yaglandga nisbatan aniq ayblovlar ilgari surilmagan, biroq Oekokrim ma’lumotlariga ko‘ra, tergov uning ilgari egallagan lavozimi bilan bog‘liq holda sovg‘alar olgani, safar xarajatlari qoplab berilgani va qarz mablag‘lari olgani masalasini qamrab oladi. Shuningdek, politsiya Yaglandga xalqaro tashkilotning sobiq rahbari sifatida berilgan diplomatik immunitetni bekor qilishni so‘ragan. Oekokrim bu borada Norvegiya Tashqi ishlar vazirligiga murojaat yuborgan.
Ma’lumot uchun, Yagland 1996-1997 yillarda Norvegiya bosh vaziri, 2000-2001 yillarda esa mamlakat Tashqi ishlar vaziri bo‘lgan. U 2009-2019 yillarda Yevropa Kengashi bosh kotibi lavozimida ishlagan. Nobel qo‘mitasiga esa 2009-2015 yillarda rahbarlik qilgan.
Jeffri Epshteyn 2008 yilda qo‘shmachilikni tashkil etganini tan olib, voyaga yetmagan qizni zo‘rlashda aybdor deb topilgan. U 2019 yil yozida AQSHda yana qo‘lga olinib, 14 yoshli qizlarni qamrab olgan voyaga yetmaganlarni savdoga chiqarish va ularni fohishalikka jalb qilishda ayblangan.
O‘sha yilning avgustida 66 yoshli milliarder sudgacha yetib bormay, qamoqxona kamerasida o‘z joniga qasd qilgan. Uning sherigi, Buyuk Britaniya fuqarosi Gisleyn Maksvell esa jinsiy ekspluatatsiya maqsadida odam savdosiga ko‘maklashganlik uchun 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi bo‘yicha eng yirik hujjatlar arxivini e’lon qilgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu fayllarga 3 million sahifa matn, 180 mingta fotosurat va 2 mingta videoyozuv kiritilgan. Xususan, Epshteyn arxivida Endryuning yerda yotgan ayol ustida tiz cho‘kib turgan suratlari ham topilgan. Ular qachon va qayerda olingani noma’lum.
Buyuk Britaniya qiroli Charlz III ning ukasi Endryu Mauntbatten-Vindzor Epshteyn ishi bo‘yicha yangi tafsilotlar paydo bo‘lgach, Royal Lodge rezidensiyasini muddatidan oldin tark etdi.
Live
Barchasi