Epshteyn arxividan nomi chiqqan Endryu qirollik qasridan fermaga ko‘chmoqda
Olam
−
15:09 3565 2 daqiqa
Buyuk Britaniya qiroli Charlz III ning ukasi Endryu Mauntbatten-Vindzor Epshteyn ishi bo‘yicha yangi tafsilotlar paydo bo‘lgach, Royal Lodge rezidensiyasini muddatidan oldin tark etdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning oktyabr oyida Bukingem saroyi Endryu 2026 yil boshida Buyuk Vindzor bog‘idagi mulkdan ko‘chib o‘tishini e’lon qilgan. Epshteyn ishi bo‘yicha hujjatlarning navbatdagi yirik qismi e’lon qilinishi uning Angliyaning sharqida joylashgan Sandringem mulkiga ko‘chishini tezlashtirgan bo‘lishi mumkin.
Sandringem mulki qirol Charlz III ning shaxsiy mulki hisoblanadi va ukasining yangi uyiga doir xarajatlarni aynan u qoplaydi. Taxminlarga ko‘ra, oxir-oqibat Endryu shu mulk hududidagi Marsh fermasida yashaydi.
Nashrning yozishicha, politsiya bir ayol Epshteyn tomonidan Buyuk Britaniyaga shahzoda bilan jinsiy aloqa qilish uchun yuborilgani haqidagi arizani ko‘rib chiqmoqda. Qayd etilishicha, uchrashuv 2010 yilda Royal Lodge’da bo‘lib o‘tgan bo‘lishi mumkin.
Mazkur holat yuzasidan hamda umuman moliyachi bilan aloqalari sababli Mauntbatten-Vindzordan AQSHda ko‘rsatma berish talab qilinmoqda. Shu bilan birga, u har qanday qonunbuzarlikni doimo inkor etib kelgan.
Bildirilishicha, Endryuning xulqi va obro‘si uzoq vaqtdan beri qirollik oilasi uchun jiddiy muammo bo‘lib kelmoqda. Endi esa ular sobiq shahzodani Londondan va Vindzordan uzoqroqqa ko‘chirish orqali jamoatchilik e’tiboridan chetroqda ushlab turish mumkinligiga umid qilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2025 yilning kuzida Endryu “shahzoda” unvonidan, shuningdek rasmiy murojaat va “Qirollik oliy hazratlari” maqomidan mahrum etilgan.
Shuningdek, o‘tgan yili dekabr oyi boshida Buyuk Britaniya qiroli Charlz III ukasi Endryuni qolgan so‘nggi qirollik faxriy unvonlaridan ham mahrum qilgan.
Shuningdek, Endryu voyaga yetmagan qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik ayblovlari va voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlarda ayblangan amerikalik moliyachi Jeffri Epshteyn bilan aloqalari fonida York gersogi unvonidan foydalanishdan voz kechgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi bo‘yicha eng yirik hujjatlar arxivini e’lon qilgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu fayllarga 3 million sahifa matn, 180 mingta fotosurat va 2 mingta videoyozuv kiritilgan. Xususan, Epshteyn arxivida Endryuning yerda yotgan ayol ustida tiz cho‘kib turgan suratlari ham topilgan. Ular qachon va qayerda olingani noma’lum.
Live
Barchasi