“Eng yomon ssenariyga tayyor bo‘lishimiz kerak”. To‘qayev Afg‘onistondan tahdidga tayyor turish haqida gapirdi 

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakat xalqiga yo‘llagan murojaatida Afg‘onistondagi vaziyat fonida harbiy-sanoat kompleksi va harbiy doktrinani qayta ishga tushirish zarurligini aytdi.  

“Afg‘onistondagi vaziyat, global keskinlikning umumiy o‘sishi oldimizga harbiy-sanoat kompleksi va harbiy doktrinani qayta ishga tushirish vazifasini qo‘yadi. Mudofaa qobiliyatini kuchaytirish, tahdidlarga javob berish darajasini oshirish ham milliy ahamiyatga ega ustuvor vazifalarga aylanishi kerak. Biz tashqi zarbalar va eng yomon ssenariyga tayyor bo‘lishimiz kerak”, degan To‘qayev. 

Uning ta’kidlashicha, tashqaridan keladigan xavflarni modellashtirish juda dolzarb bo‘lib qolgan. 

“Stress-testlarni o‘tkazish, ssenariylarni ishlab chiqish kerak, buning asosida davlat apparatining harakat rejalari ishlab chiqiladi va tuzatiladi”, deb tushuntirgan Qozog‘iston Prezidenti.

Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.

Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.

Hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston To'qaev

Baholaganlar

270

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing