Eng katta musulmon davlati aholisini Haj ziyoratiga yubormaslikka qaror qildi

Olam

image

Butun dunyoga yoyilgan koronavirus pandemiyasi ko‘plab ommaviy tadbirlarni to‘xtatib qo‘yish bilan birgalikda keng ko‘lamli diniy ziyoratlarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, Saudiya Arabistoni mamlakatda koronavirus infeksiyasi avj olmasligi uchun Haj va Umra ziyoratlarini to‘xtatib qo‘ydi.

Keyinroq Saudiya Arabistoni har bir davlatga Haj uchun berilgan kvotaning faqat 20 foizi miqdoridagi ziyoratchilar qirollikka ziyorat uchun tashrif buyurishi mumkinligini ma’lum qildi.

Shunga qaramay, ko‘plab davlatlar fuqarolari salomatligini xavf ostiga qo‘ymaslik uchun Haj ziyoratlarini bekor qildi. Xususan, aholi soni bo‘yicha eng katta musulmon davlat hisoblangan Indoneziya ham fuqarolarini Haj ziyoratiga yubormasligini ma’lum qildi. Hukumatinng bu qarorini Indoneziya Din ishlari bo‘yicha vaziri Faxrul Rozi e’lon qildi.

“Hukumat Haj-2020 safarini bekor qilish haqida qaror qabul qildi. Bu qarorga kelish oson bo‘lmadi, biroq biz haj davrida ziyoratchilarimiz va ularga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarimiz xavfsizligi uchun mas’ulmiz”, dedi Faxrul Rozi.

U Hukumat dastlab, ziyoratchilarning yarmini Hajga yuborishni rejalashtirganini, keyinchalik esa umuman hech kimni Saudiya Arabistoniga yubormaslikka qaror qilinganini qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistoni hukumati koronovirus pandemiyasi tufayli joriy yilning fevral oyi oxirlarida Umra ziyoratchilarini qabul qilishni to‘xtatib qo‘ydi. O‘zbekiston aprel oyida Haj ziyoratiga tayyorgarlikni to‘xtatgandi.

Ma’lumot uchun, Indoneziya aholi soni bo‘yicha eng katta musulmon davlati bo‘lib, unga beriladigan haj kvotasi 221 ming nafar hojini tashkil qiladi. Ularning 90 foizi uchun mehmonhonalarda joylar band qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Haj Indoneziya

Baholaganlar

222

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing