Energiya resurslarining narxi nega oshmoqda?
Jamiyat
−
01 avgust 2019
4414O‘zbekiston benzin, dizel yoqilg‘isi, elektr energiyasi va gaz uchun to‘lovlarning qimmatlashishi haqida xabr bergan edik. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori chiqishi bilan odamlar orasida narxlar oshishiga nisbatan norozilik kayfiyati yuzaga keldi.
Bugungi kunda mamlakatda elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish masalalari yuzasidan soha mutaxassislari o‘z fikrlarini bildirdi.
Bahrom Ashrafxonov, O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri o‘rinbosari:
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 30 iyul kuni “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlari va tariflarni o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qarori bilan moliyaviy intizomni mustahkamlash, yoqilg‘i energetika kompleksi korxonalarining muvozanatli rivojlanishi va bezarar ishlashini ta’minlash maqsadida 15 avgustdan boshlab energiya resurslari tariflariga yangi narxlar joriy etildi.
Oxirgi marta bu boradagi narxlar 2018 yil 16 noyabrda o‘zgartirilgan bo‘lib, aholi uchun 1 kilovatt/soat elektr energiyasi 250 so‘m, 1 kub metr tabiiy gaz 320 so‘m edi. Vaqt o‘tib, bu narxlar tahliliy ko‘rib chiqilgach, hozirgi inflyatsiya darajasini e’tiborga olgan holda o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, 1 kilovatt/soat elektr energiyasi 295 so‘m yoki (+18 foiz), 1 kub metr tabiiy gaz 380 so‘m (+18 foiz) etib belgilandi.
Bugungi kunda aholi maishiy xizmatlar uchun suyultirilgan gazdan ham keng foylalanmoqda. Shu tufayli gazning 1 kilogrammiga 1 ming 120 so‘m (+18 foiz) narx qo‘yildi.
Bundan tashqari, joriy yilning 15 avgustidan boshlab:
– Ai-80 markali avtomobil benzinining chakana narxi – bir litri uchun 4500 so‘m (4000 so‘m edi);
– Dizel yoqilg‘isining chakana narxi – bir litri uchun 5400 so‘m (4800 so‘m edi) etib belgilanmoqda.
Iqtisodiy ishlab chiqarish uchun bu resurslarning ahamiyati juda dolzarb hisoblanadi. Shu bois mamlakatimizni uzluksiz ravishda tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlashga ustuvor vazifa sifatida qaraladi. Aslida mazkur energiya manbalarining asl tannarxi aholiga sotilayotganidan ancha baland hisoblanadi. Masalan, 1 kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 450 so‘m sarflanmoqda. Shuningdek, 1 kub metr tabiiy gazni qazib chiqarish va qayta ishlash 751 so‘mni tashkil etadi. Shuni e’tiborga olib, davlatimiz tomonidan aholining ijtimoiy himoyasini tashkil etish maqsadida past narxlar belgilandi.
Mamlakatimizda yangidan-yangi sanoat zonalari, korxonalar qurilayotgani, aholi soni ortayotgani, yangi mahallalar va yosh oilalar ko‘payayotgani tufayli energiya resurslariga ehtiyoj ham kun sayin oshmoqda. Bu jarayonni eng chekka hududlarda ham kuzatish mumkin. Shuni e’tiborga olib, elektr energiyasi va tabiiy gazni ishlab chiqarish va uzluksiz yetkazib berish maqsadida narxlarga bir oz o‘zgartirish kiritildi.
Ushbu tabiiy resurslarning o‘z tannarxidan past darajada sotilishi xorijlik investorlarning sohadagi hamkorligiga to‘sqinlik qilmoqda.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi va tabiiy gazni boshqa davlatlardagiga nisbatan solishtirganimizda ham ancha o‘zgarish borligini ko‘ramiz. Masalan, 1 kilovatt/soat elektr energiyasi Rossiya Federatsiyasida 378 so‘m, Moldovada 860 so‘m, Qirg‘izistonda 350 so‘m, Tojikistonda 380 so‘m, Qozog‘istonda 340 so‘mni tashkil etadi.
O‘z navbatida, 1 ming kub metr tabiiy gaz Ukrainada 100-150 dollar, Rossiya Federatsiyasida 80-100 dollar, Belarusda 90-110 dollar, Qozog‘istonda 80-90 dollar, Qirg‘izistonda 214 dollarga tengdir. O‘zbekistonda bu narx 37,7 dollarni tashkil etadi.
Kamoliddin Usmonov, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati departamenti boshlig‘i:
– Bugungi kunda mamlakatda 3,5 milliondan ortiq (yillik ehtiyoji 10 milliard kub metr) aholi xonadonlari va 84 mingdan (yillik ehtiyoji 30 milliard kub metr) ortiq ulgurji iste’molchilar tabiiy gaz bilan ta’minlanmoqda.
O‘tgan yili 150 mingta aholi xonadoni va 20 mingdan ortiq ulgurji iste’molchi, shuningdek, hududlarda tashkil qilingan erkin sanoat va kichik sanoat zonalarida tashkil qilingan tadbirkorlik sub’ektlari tabiiy gaz tarmoqlariga ulandi. Ularning ehtiyojlari esa yil sayin ortib bormoqda. Shu bilan birga, respublikamizdagi tabiiy gaz qazib oluvchi, qayta ishlovchi va taqsimlovchi korxonalar tizimidagi asbob-uskunalar, 13 ming kilometrdan ortiq magistral gaz quvurlari va boshqa zurur texnika vositalari eskirgan. Bu esa ulardagi yo‘qotishlar miqdorining oshishi va quvvatlarning yetarlicha talabni qondira olmasligiga olib keldi.
Shu tufayli mazkur korxonalardagi texnikalar va asbob-uskunalarni zamonaviylashtirishga mablag‘ni, avvalo, ishlab chiqarilgan mahsulotning tannarxidan ortiq sotish va foyda ko‘rish hisobidan ajratish mumkin.
LiveBarchasi