Elektr va tabiiy gaz tariflari yana oshadi (video)
Jamiyat
−
14:00
13821O‘zbekistonda 2025 yilning 1 apreldan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari yana bir karra oshiriladi. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov bugun, 18 dekabr kuni Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisida ma’lum qildi.
“Joriy yilda tariflar oshgan bo‘lsa, o‘sha Vazirlar Mahkamasi qarorida kelgusi yil 1 apreldan ham tariflarni yana bir karra oshirish takliflari ma’qullangan. Kelgusi yil, nasib bo‘lsa, 1 apreldan tariflar oshadi”, dedi vazir.
Shuningdek, u narxlar oshishiga qaramay, energetika sohasiga byudjetdan hali ham subsidiyalar borligining sababini tariflar xarajatlarni to‘liq qoplaydigan darajaga chiqmagani va gazning ma’lum bir qismi import qilinayotgani bilan izohladi.
“Agar subsidiyalar haqida gapiradigan bo‘lsak, kelgusi yil byudjet loyihasida, siz ko‘rganingizdek, gaz va elektr bo‘yicha subsidiyalar miqdori yetti yarim trillion so‘m bo‘lishi kutilmoqda. Bu, albatta, joriy yilda o‘n ikki trillion edi, ya’ni kamayib boryapti. "Xo‘sh, qachon bu subsidiyalar berilishi to‘xtaydi?" deb savol beradigan bo‘lsangiz, 2025-2026 yillarda davom etadi, 2027 yilda keskin pasayadi, nasib bo‘lsa, va 2028 yildan boshlab subsidiyalar byudjetdan berilmaydi”, dedi Qo‘chqorov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 1 maydan boshlab O‘zbekistonda jismoniy shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz tariflari bir vaqtning o‘zida ijtimoiy normalarni joriy etgan holda oshirilgandi. 1 noyabrdan boshlab tabiiy gazning ijtimoiy norma miqdori 100 metr kubdan 500 metr kubgacha oshirildi hamda noyabr, dekabr, yanvar va fevral oylarida bir oylik me’yorlar mazkur tartibda belgilandi.
LiveBarchasi