Energetikadagi uzilishlar nazorat va intizomdagi kamchilik oqibati – Shavkat Mirziyoyev

Jamiyat

image

Joriy yilning iyun–iyul oylarida elektr tarmoqlarida qariyb 4 mingta avariya sodir bo‘lib, aholi va tadbirkorlar 8–10 soatgacha elektrsiz qoldi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 27 iyul kuni yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, hududlarda elektr tarmoqlari deyarli bir xil bo‘lishiga qaramay, ayrim tumanlarda tizim barqaror ishlayotgan bo‘lsa, boshqalarida avariyalar muntazam takrorlanmoqda. Bunga esa nazorat va ijro intizomidagi farqlar sabab bo‘layotgani qayd etilgan.

Prezident Energetika vazirligi hamda uning quyi bo‘g‘inlaridagi rahbarlarda ijro va mas’uliyat yetishmayotganini tanqid qilgan. Unga ko‘ra, aynan shu sababli aholi va tadbirkorlar tizim faoliyatidan norozi.

“Takror aytaman: tizimdagi har bir rahbarning qilayotgan ishi, eng avvalo, odamlarning hayotida, turmush tarzida sezilishi, tadbirkorlarning mushkulini oson qilishi kerak”, degan Prezident.

Qayd etilishicha, har yili yoz va qish mavsumida o‘nlab podstansiyalarda avariyalar yuz berib, yuzlab transformatorlar ishdan chiqmoqda. Faqat joriy yilning iyun–iyul oylarida qariyb 4 mingta avariya sodir bo‘lgan. Oqibatda aholi va tadbirkorlar 8–10 soatgacha elektr ta’minotisiz qolgan.

Shuningdek, so‘nggi besh yilda Shirin shahri, Yangihayot va Yakkasaroy tumanlari hamda Ohangaron tumanida elektr energiyasi iste’moli ikki barobardan ko‘proq oshgani qayd etilgan. Biroq, Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, mas’ullar va mahalliy hokimliklar tarmoqlarning bunday yuklamani ko‘tara olishini oldindan hisobga olmagan.

Davlat rahbari elektr uzilishlari tadbirkorlar va iqtisodiyotga yetkazayotgan zarar miqdori hisoblab chiqilmayotganini ham tanqid qilgan. Shuningdek, hokimlar o‘z hududlaridagi energiya iste’moli balansini aniq bilmagani sabab milliardlab so‘mlik mablag‘ samarasiz sarflanayotganini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishda energetika tizimidagi muammolar sohaga kam pul ajratilganida emas, balki tizimning o‘zida ekanligini aytgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing