Energetika vazirligi O‘zbekistonda murakkab vaziyat yuzaga kelganini tan oldi

Jamiyat

image

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda yoqilg‘i-energetika sohasida murakkab vaziyat yuzaga kelgan. Xususan, respublikaning deyarli barcha hududida kunning ma’lum vaqtida elektr energiyasini uzishga majbur bo‘linmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Axborot xizmati ma’lum qildi.

Keltirilishicha, joriy yilning iyun oyida jami 34,8 mln kVt soat elektr energiyaga nisbatan majburiy cheklov kiritilgan bo‘lsa, mazkur ko‘rsatkich iyul oyining o‘tgan 31 kuni mobaynida 175 mln kVt soatni tashkil qilgan. Yoz fasliga o‘tilganidan beri jami 210 mln kVt soat majburiy cheklov qo‘llanilgan. 

Shuningdek, iyun oyida tizimda modernizatsiya va rekonstruksiya ishlarini xavfsiz olib borish maqsadida qator hududlarda maqsadli o‘chirishlar amalga oshirilgan. Natijada birgina Toshkent shahrining o‘zida 542 ta transformator podstansiyasi va 592,36 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 923 ta transformator hamda 702,3 kilometr havo tarmog‘i ta’mirlangan. Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturiga muvofiq 930,6 km past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari hamda 228 ta transformator punktlari yangilangan.

“Sag‘bon”, “Yunusobod”, “Qo‘qon”, “Karvon”, “Qorasuv”, “Yalang‘och”, “Tuzel” va “Sergeli-35” podstansiyalaridagi 9 ta kichik quvvatli transformator katta quvvatlisiga almashtirilgan. Ayni paytda ham “Yunusobod-Siti”, “Toshkent-Siti”, “Olmos”, “Yangi O‘zbekiston” hamda “Yangihayot” industrial zonalari uchun podstansiyalar qurish hamda ularni elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun yangi elektr uzatish tarmoqlarini bunyod qilish ishlari pudratchi tashkilotlar tomonidan davom etmoqda. Bu ishlarni xavfsiz bajarish va elektr montyorlarning sog‘lig‘i hamda hayotiga tug‘ilishi mumkin bo‘lgan xatarlarning oldini olish maqsadida kunning ma’lum vaqtlarida tegishli hududlardagi iste’molchilar elektr ta’minotidan vaqtincha uzib qo‘yilmoqda”, deyiladi xabarda.

Iyul oyida esa, asosan, respublikada ob-havoning haddan tashqari isib ketgani elektr energetikasini uzluksiz hamda yo‘qotishlarsiz yetkazib berishda qiyinchilik tug‘dirmoqda. Mazkur holat birgina O‘zbekistonga xos emas. Bugun dunyoning qariyb barcha burchagida anomal issiq harorat hukm surmoqda. Kuchli issiq harorat esa sovitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanishning karrasiga oshishiga olib kelmoqda. Natijada kabellar kuyib ketyapti, transformatorlar ishdan chiqmoqda. Avariya oqibatlarini bartaraf etish esa ham katta mablag‘, ham ko‘p vaqt yo‘qotilishiga sabab bo‘lmoqda. 

Vazirlikka ko‘ra, avariya yuz bermasligi uchun esa bir nechta fiderlarni tarmoqdan majburiy o‘chirib qo‘yib, qator xonadonlar, byudjet tashkilotlari va tadbirkorlik sub’ektlarini vaqtincha uzib turish – eng maqbul chora. Bu kutilmagan avariyaviy holatlarning oldini olishga hamda mablag‘ va vaqt tejalishiga xizmat qiladi. 

“Oddiy aytganda, qaysidir hududni quyosh tig‘ida tashqaridan, ortiqcha yuklama tufayli esa ichidan qizib ketgan kabelni sovitish maqsadida ikki-uch soatga tarmoqdan uzib turish keyinchalik kabel va transformatorning yonib ketishi hamda iste’molchilar 10-12 soatlab elektr energiyasiz qolishlaridan ko‘ra afzalroq yechimdir. To‘g‘ri, iste’molchi hamisha haq. Qolaversa, siz, azizlarni uzluksiz va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash – bizning burchimiz. Bu borada tizim tashkilotlari tomonidan juda katta ishlar qilinyapti. Xususan, oxirgi paytlarda kunlik ishlab chiqarish o‘rtacha 107,8 foizni, oylik ishlab chiqarish o‘rtacha 106,2 foizni, yillik ko‘rsatkich esa 101,8 foizni tashkil qilyapti. So‘nggi kunlarda bir qator yangi ishlab chiqarish quvvatlari – Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida quvvati 1500 MVt bo‘lgan issiqlik stansiyasining 500 kV kuchlanishli 2 ta elektr uzatish tarmog‘i, Bo‘stonliq tumanida quvvati 200 kVt bo‘lgan “Ispaysoy” mikroGESi hamda Yashnobod tumanida 30 mingdan ziyod xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan yangi “Olmos” podstansiyasi ishga tushirildi”, deya qo‘shimcha qilinadi.

Bildirilishicha, iste’mol ham shunga yarasha bo‘lmoqda. Masalan, bugungi kunda o‘rtacha iste’mol kuniga 11 200 MVtga teng bo‘lmoqda. Hatto kunning ayrim paytlarida, asosan, issiq harorat zabtiga olgan chog‘da elektr energiyasi sarfi ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmiga teng, ba’zan talab undan ham ortib ketyapti.

“Buni birgina iyul oyining o‘zida sutkalik iste’molda ikki marta rekord ko‘rsatkichning qayd etilgani ham yaqqol tasdiqlaydi. Xususan, 12 iyul kuni respublika bo‘yicha jami iste’mol 247,5 mln kVt soatni tashkil qilgan bo‘lsa, 26 iyul kuni 250,7 mln kVt soatga yetib, sutkalik rekord yana bir karra yangilangan. Biroq hozirgi sharoitda “Nima qilsa ham uzluksizlikni ta’minlayman”, deya zarur ehtiyot choralarini ko‘rmaslik, muqarrar avariya holati yuz berishi mumkinligini anglagan holda, barqarorlikka erishish istagida ortiqcha kuchlanishga o‘tila boshlagan hududlarni tarmoqdan uzmaslik ham yechim emas, aksincha, katta muammoga olib keladi. Bunday vaziyatda energiya tejamkorlikka qat’iy rioya qilish, xonadonlarda ham barcha xonani emas, atigi bittasini sovitish, ishlatilmayotgan elektr uskunalarini tarmoqdan uzilish, zarurat bo‘lmagan hollarda, ayniqsa, kunduz kunlari lampochkalarni o‘chirib qo‘yish eng maqbul yo‘ldir”, deyildi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Energetika vazirligi O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing