Energetika vazirligi elektr tejashning kulgili usulini tavsiya qildi
Jamiyat
−
16 avgust 2023
40315O‘zbekiston Energetika vazirligi aholiga murojaat bilan chiqib, elektr energiyasini tejashning antiqa usulini ma’lum qildi. Tegishli video vazirlikning YouTube-kanalida e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, elektr energiyasini tejash uchun kir yuvish mashinasidan foydalanganda pastroq haroratda kir yuvishga harakat qilish kerak. +90 daraja yuvish haroratida energiya sarfi +60 daraja yuvish haroratiga qaraganda 30-40 foiz yuqori bo‘ladi. Qayd etilishicha, kir yuvish uchun ba’zan +30/40 daraja harorat ham yetarli bo‘ladi.
“Bu orqali siz oila budjetini tejaysiz, elektr energiyasi barcha iste’molchilarga bir me’yorda yetib borishiga xissa qo‘shasiz”, deyiladi vazirlik murojaatida.
Shuningdek, kam quvvat iste’molli va yuqori energiya samaradorligi bo‘lgan “A”, “A +”, “A ++” yoki “A +++” maishiy texnika va elektron jihozlarni sotib olish tavsiya etilgan.
Vazirlik aholidan muzlatkichni gaz plitasi yoki isitish radiatori yoniga o‘rnatmaslikni so‘ragan. Chunki bu muzlatkichning elektr energiyasi iste’molini 20-30 foiz oshirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida energetika tizimi rahbarlari bugundan boshlab favqulodda rejimga o‘tishini ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi