Energetika vaziriga o‘rinbosarlar tayinlandi
Jamiyat
−
30 mart
5413O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida bir qancha tayinlovlar amalga oshirildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga ko‘ra, Azim Isroilovich Ahmadxo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari — Atom energetikasini rivojlantirish agentligi direktori etib tayinlandi. Shu munosabat bilan Ahmadxo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
U 1979 yil 12 iyulda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2000 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2002 yilda esa shu universitetning magistratura bosqichini (Xalqaro iqtisodiy munosabatlar va xalqaro valyuta-kredit munosabatlari sohasida) tamomlagan. 2003 yilda Avstraliyaning Wollongong universiteti magistratura kursida tahsil olgan.
Ahmadxo‘jayev mehnat faoliyatini 2003 yilda “O‘zmarkazimpeks” davlat aksiyadorlik tashqi savdo kompaniyasida mutaxassis sifatida boshlagan.
2014 yildan 2016 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar Milliy banki boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari, 2016-2017 yillarda “Asaka” aksiyadorlik-tijorat banki boshqaruvi raisi, 2017-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar davlat qo‘mitasi raisi, 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimida faoliyat olib borgan. Keyinchalik 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori o‘rinbosari, 2019-2021 yillarda Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari vazifasida ishlagan.
Ahmadxo‘jayev 2021 yildan hozirgacha O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga esa Baxtiyor Rustamovich Mamatkarimov tayinlandi.
U 1980 yilda Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida tug‘ilgan. 2000 yilda Toshkent moliya instituti, 2013 yilda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini, 2021 yili esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2001 yilda “Asakabank” davlat aksiyadorlik tijorat banki Andijon viloyati filiali valyuta shu’basi pul almashtirish shoxobchasi kassiri, kassir-nazoratchisi, valyuta bo‘limi mutaxassisi lavozimidan boshlagan.
2003-2007 yillarda “Asakabank” davlat aksiyadorlik tijorat banki Andijon viloyati filialida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan. 2007-2009 yillar Markaziy bank Andijon viloyati bosh boshqarmasida, 2009-2016 yillar “Trastbank” xususiy ochiq aksiyadorlik birja bankida ishlagan.
2016-2019 yillarda “Neftgazinvest” mas’uliyati cheklangan jamiyatida guruh rahbari va 2019-2020 yillar “O‘zLITIneftgaz” AJ boshqaruvi raisi iqtisod va moliya bo‘yicha o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan.
2020 yildan 2022 yilgacha “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining moliya va marketing bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 2022 yilda esa Andijon tumani hokimi bo‘lgan.
Shuningdek, Azizxo‘ja Ochilovich Qobilov Energetika vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.
Bundan tashqari, Prezidentining tegishli qaroriga ko‘ra, Bahrom Mamatmurodovich Mansurov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi direktori lavozimidan ozod etilgan.
LiveBarchasi