Energetika vaziri “Gazprom” bilan imzolangan “yo‘l xaritasi” bo‘yicha izoh berdi
Jamiyat
−
26 yanvar 2023
8754Ayni paytda Bishkekda o‘tkazilayotgan Qirg‘iziston-O‘zbekiston biznes forumi davomida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiya bilan gaz importi masalasida tuzilgan “yo‘l xaritasi” bo‘yicha jurnalistlar savoliga javob berdi.
“Bu Rossiyadan tabiiy gazni import qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘zda tutuvchi yo‘l xaritasi hisoblanadi. Ya’ni texnik shartlarni o‘rganamiz, keyin texnik imkoniyatlardan kelib chiqib, tijoriy narxlar bo‘yicha kelishsak, Rossiyadan gaz import qilish ko‘zda tutiladi”, degan Mirzamahmudov.
Shuningdek, u jurnalistning Rossiyadan import qilinadigan gaz qaysi yo‘nalishlarga yo‘naltirilishi haqidagi savoliga vazir “gaz quvurga kirgandan keyin hamma iste’molchilarga — aholiga ham, barcha ishlab chiqaruvchi korxonalarga ham tarqatamiz”, deya javob berdi.
Qolaversa, Jo‘rabek Mirzamahmudov ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan turlicha fikrlar yuzasidan ham izoh berdi.
“Kecha jurnalistlarga tushuntirish berdik, asosiy mazmunini ham ko‘rsatdik, u yerda umuman gaz transport tizimini xususiylashtirish yoki boshqaruvga berish degan gap yo‘q. Avval ham, masalan, Turkmanistondan Xitoyga ketadigan gazni aytganman, O‘zbekiston, Turkmaniston, Xitoy, Qozog‘iston hududida koordinatsion qo‘mita bor, texnik imkoniyatlarning hammasini birgalikda o‘rganib chiqadi”, deya ta’kidlagan Energetika vaziri.
Ma’lumot uchun, 24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi raxbari Aleksey Miller o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tib, tomonlar o‘rtasida “yo‘l xaritasi” imzolangan edi. Mazkur xabarni O‘zbekiston hukumatidan emas, “Gazprom”dan eshitgan o‘zbekistonliklarda turli xil shubhalar paydo bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoq faollari bu “yo‘l xaritasi” niqobi ostidagi “gaz ittifoqi” yoki “shartnoma” ekanidan xavotir bildirgan. Biroq, Energetika vazirligi kecha, 25 yanvar kuni bunday fikrlarni rad etib chiqdi. Mazkur “yo‘l xaritasi”ning shartlari esa haligacha ochiqlangani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov ham munosabat bildirgani haqida xabar bergan edik. U kelishuv tafsilotlarining ochiqlanmagani sir emas, aksincha biznes odobi ekanini aytib chiqqandi.