Energetik ichimlik iste’mol qilgan maktab o‘quvchisi yuragi to‘xtab vafot etdi

Olam

image

Qrimda 8-sinf o‘quvchisi energetik ichimlik ichganidan keyin yuragi to‘xtab qoldi. Bu haqda SHOT Telegram-kanalida xabar berildi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 19 avgust kuni Nijnegorsk posyolkasida 14 yoshli o‘smir energetik ichimlik iste’mol qilganidan so‘ng o‘zini yomon his qila boshlagan. Shundan keyin u shifoxonaga yotqizilgan va u yerda komaga tushib qolgan. Shifokorlar unga noma’lum modda bilan zaharlanish tashxisini qo‘ygan. O‘sha kuni kechga yaqin u hushiga kelgan.

Manbaga ko‘ra, 21 avgust kuni bolaning ahvoli yaxshilana boshlagan va jonlantirish bo‘limidan palataga ko‘chirilgan. Bemor shifokorlarga bosh og‘rig‘i va zaiflikdan shikoyat qilgan. Tekshiruv natijalari bolaning oshqozon osti bezi va jigarida salbiy o‘zgarishlar borligi hamda u jiddiy oqibatlarga olib kelayotganini, qalqonsimon gormonlar darajasi oshib ketayotganini ko‘rsatgan.

Bola shifoxonada taxminan bir hafta davomida shifokorlar ko‘rigida bo‘lgan. 28 avgust kuni yuragi xuruj qilib qolgan va bir vaqtning o‘zida hushini yo‘qotgan. Shifokorlar 8-sinf o‘quvchisini jonlantirish bo‘limiga olib borishga qaror qilgan, biroq ko‘p o‘tmay bolaning joni uzilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning Alborz viloyatida alkogoldan 171 nafar odam zaharlanib, vafot etgan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mahsulot ishlab chiqaruvchilar ifloslangan texnik spirtni noqonuniy ravishda ishlatgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qrim energetik ichimlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing