Qrim ommaviy dronlar hujumiga uchradi (video)
Olam
−
23 iyun 6212 2 daqiqa
Anneksiya qilingan Qrimning g‘arbiy va shimoliy qismidagi Yevpatoriya, Jankoy va qator boshqa aholi punktlari hujumga uchradi va aholi elektrsiz qoldi. Bu haqda “Qrimenergo” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kompaniya elektr ta’minotidagi muammolarni elektr tarmoqlaridagi texnologik buzilishlar bilan izohlagan va tizimni bir kun ichida tiklashga va’da bergan. Bu orada Ukrainaning monitoring yurituvchi Telegram-kanallari Qrimga dronlarning navbatdagi ommaviy hujumi uyushtirilgani haqida xabar bergan. Anneksiya qilingan respublika Rossiya Mudofaa vazirligining tungi havo hujumiga uchragan hududlar haqidagi hisobotida ham qayd etilgan.
“Krimskiy veter” kanali mahalliy aholiga tayanib xabar berishicha, tunda Feodosiya, Kerch, Krasnoperekopsk va Shyolkino hududida portlash tovushlari eshitilgan. “Supernova+” ma’lumotlariga ko‘ra, Kerch portidagi neft bazasi, “TES-Terminal” neft mahsulotlarini qayta yuklash va saqlash majmuasi, shuningdek, Kerch bo‘g‘ozining Rossiya tomonidagi “Kavkaz” porti takroriy zarba ostida qolgan.
Shuningdek, Kerchdagi “Nasosnaya-2” podstansiyasida, “Yujnaya” temir yo‘l vokzalida va Arshinsevodagi IES hududida yong‘inlar sodir bo‘lgan. “The Insider” nashri NASAning “FIRMS” sun’iy yo‘ldosh monitoringi tizimi ma’lumotlarini tahlil qilib, ushbu hududlarning ba’zilarida termik anomaliyalar mavjudligini tasdiqlagan. Hozircha rasmiy izoh berilmagan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 21 iyun kuni ham Qrimning bir qismi chiroqsiz qolgan edi. O‘shanda, yarim orolga dronlar hujum qilgan kuni “Qrimenergo” elektr tarmoqlari shikastlangani va Shimoli-G‘arbiy, Markaziy hamda Janubiy qirg‘oq energiya hududlari iste’molchilari qisman tarmoqdan uzilganini ma’lum qilgan.
21 iyundagi hujumdan keyin anneksiya qilingan Qrimning Rossiya tomonidan tayinlangan rasmiylari ochiq savdoda benzin qolmagani haqida ham xabar bergan. Yarim oroldagi vaziyat tufayli bolalarning yozgi lagerlarga borishi bekor qilingan, Kerchda esa qo‘shimcha cheklovlar, jumladan, shikastlangan ob’ektlar hududida transport harakatini cheklash joriy etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Qurolli kuchlarining Harbiy-havo kuchlari bo‘linmalari Rossiyaning Voronej shahridagi raketa komponentlari ishlab chiqaradigan zavodga zarba bergani haqida xabar qilingan edi.
Live
Barchasi