Endilikda pirotexnikadan foydalanish joyi va vaqtini oldindan kelishish mumkin
Jamiyat
−
06 fevral 2020
5531O‘zbekiston Respublikasi hududida pirotexnika buyumlarining muomalasi ustidan nazorat tizimi kuchaytiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaror loyihasida keltirib o‘tilgan.
Loyihaga asosan “Pirotexnika buyumlaridan foydalanish joyini, vaqtini va shart-sharoitlarini oldindan kelishish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlanadi.
Mazkur nizom pirotexnika buyumlaridan foydalanish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar tomonidan texnik va maxsus maqsaddagi pirotexnika buyumlaridan (xavflilikning III –V klasslari) foydalanishga mo‘ljallangan joyini, vaqtini va shart-sharoitlarini oldindan kelishish tartibini belgilaydi.
Mazkur nizom qoidalari harbiy, shuningdek maishiy maqsaddagi (xavflilikning I – II klasslari) pirotexnika buyumlaridan foydalanilishiga tatbiq etilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq ommaviy tadbirlarni o‘tkazish davomida pirotexnika buyumlaridan foydalanish oldindan kelishishni talab qilinmaydi.
Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish davomida barcha turdagi (maishiy, texnik va maxsus maqsaddagi pirotexnika buyumlaridan (xavflilikning I – V klasslari) foydalanish Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 29 iyuldagi 205-son qarori bilan tasdiqlangan Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalariga muvofiq ommaviy tadbirni o‘tkazishga doir ruxsatnoma bo‘yicha ommaviy tartib dasturi asosida amalga oshiriladi.
LiveBarchasi